Elektrotexnika sohasida asosiy vazifa – sifatni taʼminlash va tannarxni tushirish

0
82
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 sentyabr kuni elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiya hajmini koʻpaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatmizda bu borada katta salohiyat bor. Soʻnggi yetti yilda sohaga 1 milliard dollar investitsiya kiritilgan. Natijada 762 ta korxona ishga tushirilib, 45 turdagi yangi mahsulot tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Buning natijasida sohadagi korxonalar tomonidan byudjetga tushum 8 barobar oshgan. Ishlab chiqarish hajmi 1,8 barobar oʻsgan.

Eksport geografiyasi soʻnggi uch yilda 2 karra oshib, 62 ta davlatga yetdi. Ishlab chiqarilayotgan 200 turdagi mahsulotning 195 turi eksport boʻlayapti. Umuman, elektr texnikalari eksporti 1 milliard dollarga yetib, toʻqimachilikdan keyingi ikkinchi mahalliy sanoat tarmogʻiga aylandi.

Shu bilan birga, ishlab chiqarish va logistikadagi uzilishlar, aylanma mablagʻ va tannarx bilan bogʻliq masalalar bor. Hamma davlatlar ichki bozorining himoyasiga kirishgan. Yangi bozorlarga kirish, borlarini saqlab qolish ham qiyin boʻlayapti.

– Bunday sharoitda yagona yoʻlimiz – sifatni taʼminlash va tannarxni tushirish orqali mahsulotimiz raqobatdoshligini oshirish, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bunga tarmoqdagi korxonalar boshini qovushtirib, qoʻshilgan qiymat zanjirini kengaytirish orqali erishish mumkin.

Yigʻilishda sanoat tarmoqlari mutasaddilari va tadbirkorlar ishtirokida shu boradagi imkoniyatlar tahlil qilindi.

Korxonalarda qayta ishlash darajasi va tarmoqlararo kooperatsiya kamligi koʻrsatib oʻtildi. Masalan, avtomobil sanoati uchun talab yuqori boʻlgan kabellar ishlab chiqaruvchi korxona 4 tagina, xolos. Yoki mis quvurlarni kompozit izolyasiya qilish yoʻlga qoʻyilsa, qiymati oshadi.

Shu bois, bundan buyon, elektrotexnika sohasidagi texnoparklar yondosh yoʻnalishlardagi korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi asosida rivojlantirilishi belgilandi. Buning uchun Ohangaron, Fargʻona, Qarshi va Urganch shaharlaridagi texnoparklarda kompozit materiallar, metall va plastmassaga ishlov berish, qoliplar ishlab chiqarish, qadoqlash kabi yondosh soha korxonalariga 10 gektargacha joy ajratiladi. Bu yoʻnalishdagi aniq loyihalar uchun tayyor bino qurilib, sanoat ipotekasi shartlarida kredit hisobiga tadbirkorlarga beriladi. Ushbu korxonalarga elektrotexnika korxonalari kabi, mol-mulk va foyda soligʻidan 50 foizgacha imtiyoz beriladi.

Soʻnggi yillarda maishiy texnika yoʻnalishi keng rivojlandi. Lekin birgina shu bilan chegaralanib qolmaslik kerak. Bugungi kunda energetika, qurilish, suv xoʻjaligi, avtomobilsozlikda elektrotexnika mahsulotlariga talab kun sayin oshib bormoqda.

Masalan, energetika sohasida 36 milliard dollarlik 27 gigavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayapti. Suv xoʻjaligida nasoslarni zamonaviysiga almashtirish, ichimlik suvi tarmoqlarida hisoblagichlar oʻrnatish boʻyicha koʻp rejalar bor.

Yurtimizda yiliga 100 mingta xonadonli koʻp qavatli uylar hamda 13 million kvadrat noturar binolar qurilayapti. Ularga ham kabel, transformator, isitish va sovitish tizimlari, nasos, lift, kuzatuv vositalari kerak.

Shunga asoslanib, davlat investitsiya dasturlari va yirik loyihalar boʻyicha “mahalliy kontent”ni koʻpaytirish boʻyicha topshiriq berildi. Buning uchun tegishli vazirlik va tarmoqlar mahalliy korxonalarga oʻz talabini yetkazishi, mahsulot sifatini yaxshilash va standartlarga moslashtirishga koʻmaklashishi zarurligi aytildi.

Umuman, bu yil elektrotexnika sohasida ishlab chiqarishni 40 trillion soʻmga yetkazish imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi.

Tarmoqdagi yana bir masala qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan bogʻliq. Hozirda tashqi qarz hisobidan boʻlayotgan loyihalar uchun chetdan olib kelinayotgan tovarlar bundan ozod qilingan. Lekin shu loyihalarda qatnashayotgan oʻzimizning korxonalar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlayapti. Oqibatda ular import tovarlar bilan narx boʻyicha raqobat qila olmayapti.

Qayd etilganidek, endi xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarga yetkazib berilgan tovarlar uchun, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qoʻshilgan qiymat soligʻi qaytarib beriladi. Bu orqali elektrotexnika ishlab chiqaruvchi korxonalarimizga qoʻshimcha 250 million dollarlik bozor boʻladi.

Shu oʻrinda davlatimiz rahbari soha vakillariga murojaat qilib, endi sifat va raqobat ustida ishlash, xalqaro sertifikatlarni olish zarurligini taʼkidladi.

Eksport masalalari muhokama qilinar ekan, boshqa davlatlarda yirik uzelli yigʻishni tashkil etib, ularga butlovchi qism va yarim tayyor mahsulotni ortiqcha yigʻimlarsiz yetkazib berish mumkinligi aytildi.

Jumladan, qoʻshni bozorlarga texnologiya, malakali mutaxassis va butlovchi qismlar yetkazib, Oʻzbekistonni mintaqaviy “elektrotexnika xabi”ga aylantirish salohiyati bor. Shu maqsadda milliy brendlar ostida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularni tanitish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi faqat yirik korxonalar bilan chegaralanmasdan, sohadagi barcha tadbirkor bilan yaqindan ishlashi muhim. Shu bois uning faoliyati tubdan oʻzgartirilishi belgilandi.

Xususan, endi uyushma ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan tovarlarni aniqlaydi, ular boʻyicha loyiha qilib, tadbirkorlarga beradi. Sohadagi standartlarni xalqaro talablarga moslab, korxonalarda joriy qilish va sertifikat olishda koʻmaklashadi. Boshqa tarmoqlardagi ehtiyojni aniqlab, ularning buyurtmalarini elektrotexnika korxonalariga yetkazadi. Injener-texnolog va oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash boʻyicha oliygoh va texnikumlarga buyurtma beradi hamda oʻquv dasturlarini birga ishlab chiqadi. Mahalliy korxonalardagi istiqbolli mutaxassislarni xorijiy ilgʻor kompaniyalarga ish oʻrganishga joʻnatadi.

Uyushmaga yangi aʼzo boʻlganlardan 2 yil, aylanmasi 10 milliard soʻmdan kam korxonalardan esa umuman badal olinmaydi. Ularning mahsulotlari “Eltex Lab” laboratoriyasida bepul sinovdan oʻtkaziladi.

Yigʻilishda tarmoq rahbarlari va hokimlar bu yil 500 million dollarlik 85 ta loyihani ishga tushirish rejalari boʻyicha axborot berdi.

Davlatimiz rahbari sohadagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qildi. Ularning muammo va takliflari asosida mutasaddilarga eksport uchun aylanma mablagʻ miqdorini oshirish, sanoat elektrotexnikasi uchun lizing tizimini kengaytirish, ilmiy tadqiqot va konstruktorlik tajribalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlarga ustuvorlik berish, sifatsiz va qalbaki mahsulotlar savdosini cheklash va boshqa masalalar boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.