Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida oliy taʼlim tizimi boʻyicha boʻlgan taqdimotda aytib oʻtildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Taʼlim doim rivojlanib, yangilanib boradigan jarayon. Bu yoʻnalishdagi islohotlarni jadallashtirish maqsadida, davlatimiz rahbarining shu yil 2 fevraldagi qaroriga asosan, “Taʼlim sohasida loyihalar markazi” loyiha ofisi tuzilgan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida ushbu ofis tomonidan vazirliklar bilan birga oʻquv jarayonlarini yangi tamoyillar asosida tashkil etish, kadrlar salohiyatini oshirish, taʼlim xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga koʻtarish boʻyicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslar ishlab chiqildi.
6 may kuni Prezident huzurida oliy taʼlim yoʻnalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Bugungi kunda bakalavriatda 306 ta yoʻnalish, magistraturada 625 ta mutaxassislik bor. Lekin ularning ayrimlari xalqaro standartlar va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos emas. Bu bitiruvchilarda toʻliq malaka shakllanishi va ularning ishga joylashishida muayyan qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.
Shu bois taʼlimning xalqaro tasnifi, ilgʻor xorijiy tajriba asosida bakalavriat va magistratura yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish hamda ayni paytda talab yuqori boʻlgan sohalarda yangi yoʻnalishlar ochish boʻyicha takliflar bildirildi.
Oliy oʻquv yurtlarida taʼlim jarayonlarini raqamlashtirgan holda dekanatlar va boshqa maʼmuriy tuzilmalarni optimallashtirish masalasi ham muhokama etildi. Shu nuqtai nazardan, 1 sentyabrga qadar oʻquv jarayonlarini toʻliq qayta koʻrib chiqib, yangi tizimni joriy etish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Keyingi asosiy masala bu – oliy taʼlimga qabul tizimini yanada adolatli qilish va davlat grantlarini iqtidorga yoʻnaltirish. Hozirgi qabul tizimi, kvotalarning taqsimlanishi raqobatni toʻliq taʼminlamayapti. Ayrim abituriyentlar yuqori ball toʻplasa-da, topshirgan oliygohining kvotasi soniga qarab, oʻqishga kirolmay qolishi mumkin.
Yangi tartibga koʻra, muayyan bir yoʻnalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball toʻplagan abituriyent, tanlagan oliy taʼlim muassasasidan qatʼi nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Yaʼni, yuqori ball olgan yoshlar oʻqishga kirmay qolmaydi.
Yana bir yangilik: endi davlat granti 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi.
Davlatimiz rahbari bu tizimni adolatli yoʻlga qoʻyish, yoshlarga va ota-onalarga yetkazish zarurligini taʼkidladi.
Malaka talablari boʻyicha ham dolzarb masalalar koʻp. Yurtimizdagi ayrim mezonlar xalqaro standartlarga va ish beruvchi talablariga toʻliq mos kelmaydi. Mehnat bozorida mavjud 8 mingga yaqin ishchi kasbdan 5 mingdan ortigʻi boʻyicha malaka standartlari ishlab chiqilmagan. Borlari ham aniq va sifatli emas.
Shuningdek, malakani baholash markazlarida sertifikatlash yoʻlga qoʻyilmagan. Milliy malaka tizimiga doir jarayon va hujjatlar Elektron platformada yuritilmaydi.
Shu bois Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil qilib, ish beruvchilar bilan birga malaka talablarini toʻliq ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
– Bu aholi bandligiga bevosita daxldor dolzarb masala. Shuning uchun bu borada qonunlar ishlab chiqib, vazirlik va idoralar masʼuliyatini belgilash, ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Taqdimotda muhandislik sohasidagi taʼlim sifati ham tahlil qilindi.
Mamlakatimizda yiliga 3 mingdan ziyod sanoat korxonalari tashkil etilib, 146 ming ish oʻrni yaratilayapti. Ularda yiliga 25 mingdan ziyod muhandis va texnologlarga ehtiyoj bor.
Bu yoʻnalishda 33 ta davlat oliygohida kadrlar tayyorlansa-da, taʼlim sifati talab darajasida emas. Ilgʻor xorijiy universitetlarda allaqachon toʻxtatilgan ayrim fan va mutaxassisliklar hali ham oʻqitilmoqda. Oʻquv reja va dasturlarining qariyb yarmi mehnat bozori va xalqaro standartlarga javob bermaydi.
Mutasaddilarga ushbu taʼlim yoʻnalishida keskin oʻzgarish yasash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Juda maʼqul oʻzgarishlar yasaydigan fikr-mulohazalar mavjud. Oʻqib chiqing. Xursand boʻlasiz.