Endokrinologiya sohasida yangi tizim joriy etiladi

0
78
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10 dekabr kuni endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va qamrovini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Endokrinologiya inson salomatligini, hayot sifatini  taʼminlashda eng muhim sohalardan biri. Soʻnggi yillarda endokrinologiya sohasini takomillashtirishga qaratilgan alohida dastur amalga oshirildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 14 ta filiali moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Bu filiallarda maxsus boʻlimlar tashkil etilgani bois respublika markaziga murojaatlar 2 barobarga kamaydi. Yaʼni, qariyb 5 ming nafar fuqaroning ovoragarchiligi va ortiqcha xarajatlarini oldi olindi. Har yili 80 ming nafar bemor insulin bilan bepul taʼminlanmoqda.

Maʼlumki, Oʻzbekiston aholisi yod yetishmaydigan hududda yashaydi. Oqibatda, qalqonsimon bez kasalligi koʻp uchraydi. Soʻnggi besh yilda endokrin kasalliklar 20 foizga ortib, yoshlar orasida ham koʻpaygan.

Umuman, oʻtkazilgan xatlovlar natijasiga koʻra, yurtimiz boʻyicha 2 million aholining 6 foizida bu kabi kasalliklar aniqlangan. Tumanlarda qonni tahlil qilishga sharoit va mutaxassislar yetishmasligi oqibatida kasallikning ogʻir asoratlari boʻlgan koʻz, buyrak va toʻpiq kasalliklari boʻyicha poytaxtga murojaatlar oshgan.

Shu bois yigʻilishda sohadagi muammolarni hal qilish,  endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash, ayniqsa, birlamchi boʻgʻinni yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

— Endokrin kasalliklarini birlamchi boʻgʻinda erta aniqlash uchun murakkab uskunalar xarid qilish shart emas. Laboratoriyalarni jihozlash, zarur reaktivlar bilan taʼminlash va nafaqat endokrinolog, balki oilaviy shifokorlarni ham tayyorlash katta samara beradi, — dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari bu borada yangi tizim joriy qilish zarurligini taʼkidladi. Endokrin kasalliklarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va davolash boʻyicha alohida dastur qabul qilinadi.

Unga koʻra, eng avvalo, oilaviy va endokrin shifokorlari oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Buning uchun joylarda tashkil etilgan tibbiyot brigadalari, hamshira koʻrigi xonalari va Salomatlik maktablari roli kuchaytiriladi.

Masalan, birlamchi shifokor koʻrigi jarayonida 10 turdagi tahlilni yoʻlga qoʻyish orqali viloyat markazlariga murojaatlarni 50 foizga qisqartirish mumkinligi aytildi.

Shuningdek, endokrin kasalliklarni erta aniqlash maqsadida kelgusi yildan 40 yoshdan oshgan barcha aholi yiliga kamida bir marta manzilli skiringdan oʻtkaziladi. Endokrin kasallik aniqlangan aholining yagona elektron reestri ishga tushiriladi. Har bir tibbiyot brigadasi ekspress-testlar oʻtkazish uchun glyukometr bilan taʼminlanadi.

Kelgusi yil 1 iyuldan homilador va bola emizuvchi ayollar, 3-15 yoshdagi bolalarga bepul yod preparati beriladi. Qandli diabet uchun metformin dorilari 200 mingdan ziyod ehtiyojmand aholiga bepul tarqatiladi. Mahalladagi bemorlar va diabetga moyilligi bor aholiga kasallikni boshqarish oʻrgatiladi.

Mutasaddilarga ushbu tizimni joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Birlamchi boʻgʻin uchun zarur mutaxassislarni tayyorlash, dorilar ishlab chiqarish va oilaviy poliklinikalar orqali taqsimlash choralari belgilandi.

Yigʻilishda tibbiyot muassasalarida laboratoriya xizmatlari koʻrsatishni yangi asosda yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Jumladan, tumanlarda eng zarur laboratoriya tekshiruvlarini yoʻlga qoʻyish orqali koʻrsatiladigan xizmatlarni 5 tadan 17 taga yetkazish va respublikaga murojaatlarni 20 foizga kamaytirishga erishish mumkin.

Shu munosabat bilan laboratoriya tahlillari normativlarini xalqaro tajriba asosida toʻliq qayta koʻrib chiqish va yangilash zarurligi taʼkidlandi. 

Tumanlarda oilaviy va markaziy poliklinika, markaziy shifoxona hamda shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi laboratoriyalari maqbullashtirilib, tunu-kun ishlaydigan markaziy laboratoriyalar tashkil etiladi. Ular oilaviy poliklinika va shifokor punktlaridan materiallarni yigʻib olish uchun transport vositalari bilan taʼminlanadi.

Kelgusi yil davomida laboratoriyalardagi 1 mingdan ziyod shifokorlar va 3 mingdan ortiq oʻrta tibbiyot xodimlarining malakasi oshiriladi.

Endokrinologiya markazining tumanlararo boʻlimlari soni hozirgi 29 tadan 50 taga yetkazilishi belgilandi. Hududlardagi filiallar yangi tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi va koʻrsatiladigan xizmatlar soni 15 tadan 40 tagacha yetkaziladi.

Sohadagi eng asosiy shifo maskani bu, albatta, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidir. Davlatimiz rahbari bu markazni Toshkent tibbiyot akademiyasining klinikasi hududidagi yangi binolarga koʻchirib, faoliyatini koʻp tarmoqli asosda tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Qayd etilganidek, markazda gormonal va mineral buzilishlar, reproduktologiya va endokrin ginekologiya, onko-endokrinologiya, kardio-diabet va intervension xirurgiya kabi yoʻnalishlar tashkil etiladi. Shuningdek, 20 dan ziyod yuqori texnologik yangi amaliyotlar yoʻlga qoʻyiladi.

Buning uchun Endokrinologiya markazi ilmiy-innovatsion muassasaga aylantiriladi, ilmiy tadqiqot ishlariga xorijdan mutaxassislar jalb etiladi, doktoranturaga kvotalar 2 baravar koʻpaytiriladi. Markaz shifokorlarining chet elda malaka oshirishi taʼminlanadi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi, shifokorlar oʻz fikr va takliflarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.