Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 iyun kuni elektr energetikasi korxonalari faoliyatini transformatsiya qilish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi talabi tobora oʻsib, yoqilgʻi-energetika tarmogʻi shunga mutanosib modernizatsiya qilinmoqda. Bu ishlar davlatimiz rahbarining 2019 yil 27 martdagi qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida elektr energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi asosida olib borilmoqda.
Xususan, sobiq “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati negizida elektr energiyasi ishlab chiqarish, yetkazib berish va sotish boʻyicha 3 ta alohida tuzilma tashkil etildi. 7 million isteʼmolchi Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanib, aholidan toʻlov undirish 100 foiz taʼminlanmoqda. Generatsiya sohasida jami 7 milliard dollarlik 19 ta quyosh, shamol va issiqlik elektr stansiyalari qurish boʻyicha loyihalarga xorijiy investorlar jalb qilindi.
Shu bilan birga, sohada raqobatni yaratish, energiya taʼminotining hajmi va sifatini oshirish boʻyicha hali qilinadigan ishlar koʻp. Jumladan, energetika tizimini modernizatsiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojlarini toʻliq qondirish uchun kelgusi yillarda 20 milliard dollarga yaqin investitsiya talab etiladi. Buning uchun sohada raqobatli bozorni shakllantirish va xususiy investorlarga sharoitlarni kengaytirish zarur.
Shu bois yigʻilishda energetika bozorini boshqarish boʻyicha yangi tizim yaratish masalalari muhokama etildi.
Xususiy generatsiya korxonalari ulanishi uchun teng sharoit yaratish maqsadida “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyasini yagona xarid qilish va magistral tarmoqlarni boshqarish vakolatlarini ajratish taklifi bildirildi. Bunda, yagona xarid qiluvchi kompaniya barcha elektr stansiyalaridan elektr energiyasini shartnoma asosida sotib olib, yirik korxona va hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga sotadi. Magistral tarmoq operatori esa elektr energiyasini yetkazib berish, yoʻqotishlarni kamaytirish va energotizimni texnik boshqarish bilan shugʻullanadi.
Kelgusi yilda 14 ta tuman va shaharda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga muqobil tarzda, isteʼmolchilarga elektr energiyasini sotadigan xususiy chakana elektr savdo kompaniyalari tashkil etiladi.
Shuningdek, tarmoq rahbarlariga transformatsiya jarayonini jadallashtirish, korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qila oladigan kompaniyalarga aylantirish kerakligi taʼkidlandi. Soha korxonalarining operatsion xarajatlarini optimallashtirish, elektr uzatish tarmoqlarini yangilash boʻyicha ham topshiriqlar berildi.
Hukumat va soha rahbarlariga ushbu islohotlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.