Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 26 oktyabr kuni energetika bozori regulyatori faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimiz energetika sohasi bosqichma-bosqich isloh qilib kelinmoqda. Birinchi bosqichda boshqaruv tizimi oʻzgartirildi. Soʻnggi yillarda 22 ta elektr stansiyasi, jumladan, ilgari generatsiya boʻlmagan viloyatlarda yangi stansiyalar ishga tushirildi. Elektr generatsiyasi tizimiga ilk bor xususiy kapital jalb qilinmoqda.
Hozirgi kunda jami quvvatlar 85 milliard kilovatt soatga yetgan. Kelgusi yillarda yana 20 gigavattlik quvvatlarni ishga tushirish moʻljallangan. Yetti milliard dollar xususiy sarmoya evaziga 9 gigavatt quvvat yaratish rejalashtirilgan.
Jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotimiz va aholining oʻsib borayotgan talabini qondirish uchun elektr ishlab chiqarish hajmini kamida 120 milliard kilovatt soatga yetkazish maqsad qilingan. Yangi quvvatlarni ishga tushirish va tarmoqlarni toʻliq modernizatsiyalashga 52 milliard dollar investitsiya zarurligi hisob-kitob qilingan.
Bunday katta hajmdagi investitsiyalarni xususiy sektor ishtirokisiz shakllantirib boʻlmaydi. Sohaning xususiy investorlar uchun jozibadorligini oshirish uchun esa, xalqaro tajriba koʻrsatganidek, eng avvalo, ochiq raqobat muhitiga ega energetika bozorini yaratish kerak.
Ayni shu maqsadlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 28 sentyabrdagi “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan.
Unga koʻra, 2026 yilga borib, elektr energiyasi talab va taklif asosida shakllanadigan erkin, ulgurji bozor ishga tushadi. Shu bilan birga, normativ-huquqiy bazani shakllantirish, bozor infratuzilmasini yaratish, energetika tizimini eng quyi boʻgʻiniga qadar raqamlashtirish, inson omilisiz real vaqtda ishlaydigan aqlli boshqaruv tizimini (SCADA) joriy etish zarur.
Koʻplab davlatlarda bu islohotlar uchun 15 yil vaqt ketgan. Mamlakatimizda buni uch bosqichda, 2030 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.
Shu bois, farmonga muvofiq, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tuzildi hamda unga energoregulyator vazifasi yuklatildi.
Taqdimotda energetika vaziri J.Mirzamahmudov farmonda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish muddatlari va sohadagi rejalar haqida axborot berdi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga respublikani elektr bilan taʼminlash konsepsiyasini ishlab chiqish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berdi. Bunda, erkin energetika bozoriga oʻtishning asosiy sharti mamlakatimizda elektr energiyasiga boʻlgan talabni toʻliq taʼminlash uchun yetarli generatsiya quvvatlarini yaratish ekani alohida koʻrsatib oʻtildi.
Shuningdek, yagona elektr savdosi platformasini yaratish va 2024 yil yakuniga qadar uni sinovdan oʻtkazib, ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Prezidentimiz energetika bozorini erkinlashtirish jarayonida elektr energiyasini aholiga respublikaning barcha hududlarida 2035 yilga qadar bir xil narxda sotilishi talabiga hamda tariflarni belgilashda ijtimoiy himoya prinsipiga qatʼiy rioya etish shartligini taʼkidladi.
Yangi tizim samarali ishlashi uchun uchta yoʻnalish – kadrlar tayyorlash, tarmoqning ilm-fan bilan uzviyligini taʼminlash va raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi. Bunday kompleks ishlash tartibini markazdan tortib hududlargacha tatbiq etish topshirildi.
Shu bois agentlikka bilimli mutaxassis va xorijiy konsultantlar ishga olinadi. Xodimlar Ispaniya, Xitoy, Turkiya va Germaniyaga malaka oshirishga yuboriladi. Xorijiy tajriba asosida yurtimizda ham muhandis, dispetcher, SCADA operatori va boshqa mutaxassislarni tayyorlash uchun oʻquv kurslari tashkil qilinadi.
Taqdimotda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan soha masʼullariga qator topshiriqlar berildi.