Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari hamkorligi jadal rivojlanmoqda. Joriy yil boshidan buyon oʻzaro savdo hajmi ikki barobar koʻpaydi, mamlakatimizda 45 ta yangi qoʻshma korxona tashkil etildi.
Oʻzaro manfaatli hamkorlik koʻplab iqtisodiyot tarmoqlarini qamrab olgan. Shulardan eng muhimlaridan biri energetikadir.
Oʻtgan yili Navoiy viloyatida yurtimizdagi birinchi quyosh elektr stansiyasi aynan Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan edi. Bugungi kunda u bir kecha-kunduzda 1 million 180 ming kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib bermoqda.
Bu sohada yana 5 ta yirik loyihani amalga oshirish kelishilgan boʻlib, ularning umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarni tashkil etadi. Xususan, “Mubadala” va “Taqa” kompaniyalari bilan hamkorlikda Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini xususiylashtirish va quvvatini oshirish, “Masdar” kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida shamol, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida quyosh elektr stansiyalarini qurish moʻljallangan.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, joriy yildan Birlashgan Arab Amirliklari bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyildi.
Yigʻilishda energetika sohasidagi loyihalar ijrosi ana shu tizim asosida koʻrib chiqildi.
Mutasaddilar loyihalarning hozirgi holati va yil yakunigacha moʻljallangan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.
Davlatimiz rahbari bu loyihalar energetika tizimi barqarorligiga hamda iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiya oqimi yanada koʻpayishiga zamin yaratishini taʼkidladi.
Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini xususiylashtirish haqida soʻz borar ekan, bu loyiha issiqlik elektr stansiyalarini boshqarish va energiya ishlab chiqarishda namunaviy boʻlishi kerakligi qayd etildi.
“Masdar” kompaniyasi bilan qayta tiklanuvchi energetika sohasida amalga oshiriladigan loyihalar 2030 yilgacha mamlakatimizda “yashil energetika” ulushini 25 foizga yetkazishda muhim qadam boʻladi. Shu bois, loyihalarni amalga oshirish boʻyicha zarur bitim va hujjatlar imzolashni tezlashtirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.