Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida boʻlib, energetika tizimining qish mavsumiga tayyorgarligi bilan yaqindan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yil boshida kelgan anomal sovuqdan xulosa qilib, tizim salohiyati oshirildi. Avvalo, ichki imkoniyatlar toʻla ishga solinib, tarmoqlar modernizatsiya qilindi. Qolaversa, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda ish olib borildi. Muassasa, korxona va turar joylardagi dolzarb masalalar oʻrganilib, bartaraf etildi. Bu ishlar har bir mahallagacha yetib bordi.
– Bu yil energetika tizimini yaxshilashga barcha manbalardan 14,5 trillion soʻm berdik. Qanday xomashyo, buyum, texnika kerak boʻlsa, olib berildi. Endi soha rahbarlari masʼuliyatni toʻliq zimmasiga olib, aniq reja qilishi va energiya yetkazib berishni kafolatli taʼminlashi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yilning oʻtgan davrida 675 megavattli elektr quvvatlari ishga tushdi. Respublika boʻyicha 100 ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilandi.
Aholi va korxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash maqsadida qoʻshimcha 5 milliard kub metr kafolatli gaz manbalari hal qilindi. Yerosti omborlarida yetarlicha gaz zaxirasi jamlandi.
Prezidentimiz sovuq kunlarda energiya resurslariga boʻlgan talabni kafolatli taʼminlash mutasaddilarning hisobotini eshitdi.
Energetika vaziri ajratilgan mablagʻ evaziga joriy yilda qilingan ishlar va yaratilgan zaxira, kunlik isteʼmol va uni taʼminlash moʻljallari toʻgʻrisida axborot berdi.
Qayd etilganidek, energetika tizimi 1 dekabrdan 24 soatlik ish tartibiga oʻtadi. Yaqin oylarda 1 ming 700 megavattli 8 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi, Sirdaryoda 500 megavattli gaz turbinasi ishga tushiriladi. Surxondaryodagi Shargʻun konida 900 ming tonna koʻmir qazib chiqarish boshlanadi.
Shuningdek, suyultirilgan gaz, mazut, transformator, kabel va boshqa zarur vositalarning zaxirasi tayyorlab qoʻyilgan.
Davlatimiz rahbari energiya manbalarini barqaror yetkazib berish, shu bilan birga, toʻlov intizomini taʼminlash muhimligini taʼkidladi. Noqonuniy ulanishlarga chek qoʻyish, ob-havoga qarab, iliq kunlarda energiya resurslarini iqtisod qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Tadbirda “Oʻztrangaz”, “Hududgaztaʼminot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ham axborot berdi.