Energiya samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi

0
58
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 may kuni iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Yildan-yilga energiya resurslariga talab oshib borayotgan zamonda ulardan oqilona foydalanish, isrofgarchilikni kamaytirishni hayotning oʻzi taqozo etmoqda.

Shu maqsadda 2024 yilda hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar shakllantirildi. Bu maqsadli koʻrsatkichlar ishlab chiqarishga xalal bermagan holda energiya isteʼmolini samarali tashkil etish orqali muayyan hajmlarni tejashni nazarda tutadi.

Shuningdek, isteʼmolchilarni energiya auditidan oʻtkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda. Unga koʻra, energiya auditi faqat xalqaro standartlarga muvofiq oʻtkaziladi. Audit asosida tashkilot va korxonalar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va ularning ijrosi nazorat qilinadi.

Bu borada shaffoflikni taʼminlash uchun energiya auditi xulosalari va undan keyin erishilgan natijalar yillik biznes-rejalariga kiritilib, kuzatuv kengashida tasdiqlanadi.

Har bir tashkilot rahbarlariga energiya samaradorligi boʻyicha KPI joriy etiladi.

Shuningdek, isteʼmolchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganliklari uchun amaldagi tarifga oʻsuvchi koeffitsiyentni qoʻllagan holda qayta hisob-kitob qilish, isteʼmolchilar tomonidan majburiy energiya auditi oʻtkazish natijasida belgilangan chora-tadbirlarni muddatida bajarilmasligi, ushbu chora-tadbirlar bajarilishidan iqtisod qilinishi kutilgan yoqilgʻi-energetika resurslari qiymati miqdorida jarima  qoʻllash tartibini joriy qilish masalasi oʻrganilmoqda.

Yana bir taklif – tashkilotlar, hududlar va koʻchmas mulk obyektlari kesimida energiya isteʼmoli reytingini joriy etish. Bunda Energetika vazirligi tomonidan energiya sigʻimi eng yuqori va eng past boʻlganlarning “10 taligi” yuritilib, ommaviy axborot vositalarida yoritib boriladi.

Taqdimotda energiyani tejash boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar va uni amalga oshirish choralari atroflicha muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni aloqador vazirlik va idoralar bilan birgalikda chuqur va puxta ishlab chiqish, koʻrsatkichlarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritish maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.

Shuningdek, yigʻilishda joriy yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. 

Prezident mutasaddilarga tayyorgarlik ishlarini hozirdan boshlash va barcha zarur chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish, jumladan, elektr va issiqlik stansiyalari uzluksiz va barqaror ishlashi uchun zarur yoqilgʻi resurslari, butlovchi va ehtiyot qismlarning zaxiralarini shakllantirish, energetika infratuzilmasini taʼmirlash va modernizatsiya qilish yuzasidan qator koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.