Energiya taʼminoti boʻyicha bajarilgan ishlar va rejalar koʻrib chiqildi

0
13
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 noyabr kuni aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan uzluksiz taʼminlash, soha korxonalarida samaradorlikni oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu borada 10 iyun kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida vazifalar belgilangan edi. Mutasaddilar shu asnoda amalga oshirilgan ishlar, kuz-qish mavsumiga koʻrilgan tayyorgarlik toʻgʻrisida axborot berdi.

Qayd etilganidek, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining oʻsib borayotgan talabiga mos hajmda gaz yetkazib berilmoqda. Tarmoqlar modernizatsiya qilinayotgani, iqtisodiyotda energiya samaradorlik oshirilayotgani natijasida yoʻqotishlar kamaymoqda. Masalan, soʻnggi yillarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun gaz sarfi 1,6 barobar kamaygan.

Oldinda yana koʻp vazifalar bor. Hozirgi mavsum va kelgusi yillarda aholini energiya manbalari bilan barqaror taʼminlash, buning uchun yetarli zaxira tayyorlash zarur.

Yigʻilishda shu masalalar tarmoqlar kesimida muhokama qilindi.

Bu yil qish mavsumida isteʼmolchilarga 21 milliard kub metr gaz yetkazib berish hisob-kitob qilingan. Havo harorati keskin tushib ketsa, aholi ehtiyoji yanada oshadi. Mutasaddilar bu boradagi rejalarni oyma-oy va tumanlar kesimida bayon etdi.

Ijtimoiy muassasalar va korxonalarni energiya bilan uzluksiz taʼminlash uchun alohida zaxira inobatga olingan. Ushbu tabiiy gazni issiqlik elektr stansiyalari, kimyo va metallurgiya korxonalari, gaz quyish shoxobchalariga manzilli yetkazish boʻyicha tizim tashkil etilgan.

Tarmoqlarda gaz hisobi va nazorati boʻyicha boshlangan ishlarni qatʼiy davom ettirib, yoʻqotishlarni yanada kamaytirish mumkinligi taʼkidlandi. Andijon, Navoiy va Toshkent viloyatlarida gazni tejash boʻyicha aniqlangan imkoniyatlarni boshqa hududlarda ham amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga ishni tuman va mahallalar miqyosida tashkil etib, energiya taʼminoti bilan bogʻliq masalalarni joyida hal qilish, talab va isteʼmolni muvofiqlashtirib, uzilishlarning oldini olish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yigʻilishda gaz sohasidagi transformatsiya jarayonlariga ham toʻxtalib oʻtildi. Tarmoq korxonalari xalqaro moliya bozoriga chiqib, modernizatsiya uchun mablagʻlarni mustaqil jalb etishi belgilandi.

Gaz tarmoqlarini yangilash va tartibga solishda eng katta imkoniyat – raqamlashtirish va xususiy sheriklik. Shu nuqtai nazardan, tarmoqqa xususiy operatorlarni jalb qilish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Prezident har bir tarmoq va uning korxonalari kesimida tannarxni kamaytirish, xarajatni maqbullashtirish va transformatsiya jarayonini tezlashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb etib, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish muhimligi aytildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.