Energiya taʼminotini yaxshilash choralari belgilandi

0
71
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 may kuni hududlarda energiya taʼminoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish masalalari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda energiya manbalarini koʻpaytirish va ulardan tejab foydalanish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Oxirgi olti yilda 5 ming megavattdan ziyod yangi elektr quvvatlari yaratilgan. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida qoʻshimcha 726 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarilgan.

Shu bilan birga, bu yil 3 milliard 400 million kilovatt soat elektr tanqis boʻlishi, yozning issiq kunlarida unga kunlik talab hozirgi 195 million kilovatt soatdan 255 million kilovatt soatga yetishi mumkin.

Yigʻilishda ushbu talabni qoplash, elektr tarmoqlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash choralari muhokama qilindi.

Mutasaddilar joriy yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, korxona, xonadon va ijtimoiy obyektlarda 1 ming 200 megavattli quyosh panellari oʻrnatish yuzasidan axborot berdi.

Davlatimiz rahbari bu ishlardagi qoloqliklarni tahlillar asosida koʻrsatib oʻtdi. Masalaning ichiga kirmagan, sustkashlikka yoʻl qoʻygan ayrim tuman va shahar hokimlariga “hayfsan” berildi.

Bu sohaga ragʻbat berish maqsadida Prezidentning “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etishga oid qarori imzolangani eʼlon qilindi. Bunda 1 iyuldan gidro elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil” sertifikat beriladi. Ushbu tizim 1 oktyabrdan boshlab, barcha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olingan  elektr uchun joriy qilinadi.

Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan barcha savdo va servis korxonalariga quyosh panellari uchun kredit toʻlovlarining 4 foizi qoplab beriladi. Xalqaro moliya tashkilotlaridan 100 million dollar jalb qilinib, aholi va tadbirkorlarga maqbul shartlarda ajratiladi.

Mutasaddilarga ushbu tizimni joriy qilib, aholi va tadbirkorlarni ragʻbatlantirish, ijtimoiy soha va davlat idoralarida kichik quyosh panellari oʻrnatish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda elektr tarmoqlarini taʼmirlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu borada Toshkent shahrida dastur qabul qilinib, ishlar boshlangan. Hozirga qadar 667 kilometr elektr tarmogʻi va 175 ta transformator yangilangan.

Viloyat hokimlariga elektr uskunalari va materiallar zaxirasini yaratish, bu yilga rejalashtirilgan taʼmirlash ishlarini 1 avgustgacha yakunlash vazifasi qoʻyildi. Buning uchun qoʻshimcha brigadalar tashkil etilib, malakali mutaxassislar jalb qilinadi.

Elektr taʼminotida uzilishlarning oldini olish uchun 1 iyundan boshlab, issiqlik elektr stansiyalariga bugungi kunga nisbatan 6 million kub metr koʻp gaz yetkazib berilishi belgilandi. Sirdaryo viloyatida “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan qurilayotgan elektr stansiyasining birinchi 500 megavatti ham yozda ishga tushiriladi.

Shu yil 13 fevralda Oʻzbekiston Prezidentining “Yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori qabul qilingan edi. Bu borada qonunchilikka rioya etilishiga masʼul Bosh prokuror oʻrinbosari lavozimi joriy qilinib, yaxlit nazorat tizimi yaratildi. Bugungi kunga qadar 250 milliard soʻmlik energiya resurslar noqonuniy ishlatilgani aniqlanib, zarar undirilgan.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni davom ettirib, noqonuniy isteʼmolga barham berish shartligini taʼkidladi.

Energiyani tejash, koʻmir qazib chiqarishni koʻpaytirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Sohadagi yana bir muhim masala – benzin va dizel yoqilgʻisi taʼminoti. Yurtimizga bu mahsulotlarni olib kelishga cheklovlar olib tashlangan. Joylarda 1 million tonna yoqilgʻini saqlash sigʻimlari mavjud. Bundan foydalanib, har bir hudud benzin va dizel zaxirasini shakllantirishi kerakligi qayd etildi.

Soʻnggi paytlarda elektromobillar ommalashmoqda. Mamlakatimizga shu yilning oʻzida 5 mingga yaqin transport olib kelindi. Bunga sharoit yaratish uchun berilgan imtiyozlarni qoʻllab, joylarda quvvatlash qurilmalarini koʻpaytirish zarurligi aytib oʻtildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.