Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni energiya tejamkorligini taʼminlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokamasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda energiya resurslariga talab yildan yilga oshib bormoqda. Bunga mos ravishda yangi stansiyalar qurilib, manbalar koʻpaytirilmoqda.
Shu bilan birga, joriy yil boshida hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar belgilangan edi. Davlatimiz rahbarining iyulda Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu rejani ilmiy asoslangan holda 2 baravar oshirib bajarish yoʻllari koʻrsatib oʻtildi.
Shundan soʻng, Fargʻona politexnika instituti olimlari tomonidan Fargʻona tumanidagi elektr isteʼmoli oʻrganildi. Misol uchun, 4,6 ming xonadon va 233 ta tadbirkorga xizmat qiladigan “Logʻon” podstansiyasidagi yillik yoʻqotish 5 million kilovatt soatni tashkil qiladi. Bu – tabiiy yoʻqotish uchun belgilangan meʼyordan 1,5 baravar koʻp.
Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur podstansiyadan elektr oladigan 113 ta transformatordagi yuklamani teng taqsimlash orqali 765 ming kilovatt soat yoʻqotishning oldini olish mumkin. Eng muhimi, bunga xarajat talab qilinmaydi. Tuman elektr korxonasida boshqaruv toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa boʻldi.
Yoki suv nasoslariga xizmat koʻrsatuvchi 44 ta transformatorga reaktiv quvvat batareyalari oʻrnatilsa, yoʻqotish yiliga 1,1 million kilovatt soatga kamayadi, xarajat bir yilda oʻzini oqlaydi.
Umuman, Fargʻona tumanidagi 14 ta podstansiyada 15,5 million kilovatt soat yoki yiliga oʻrtacha 6 milliard soʻmlik ortiqcha yoʻqotish hisob-kitob qilingan. Ish yuqoridagidek omilkorlik bilan tashkil qilinsa, elektrdan iqtisod qilish rejasini bajarish mumkin.
Mamlakatimiz boʻyicha 1 ming 800 ta shunday podstansiya va 100 mingga yaqin transformator bor. Mutasaddilarga ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilib, energiyani tejash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Qoraqalpogʻistonda gazni tejash boʻyicha yaxshi natija bor. Hozirgacha 95 mingta xonadondagi eskirgan “gorelka” energiya tejamkoriga almashtirilgani va isitish tizimi izolyasiya qilingani hisobiga, yiliga 145 million kubmetr gaz iqtisod boʻlayapti. Yana 16 ming ehtiyojmand oilaga mahalliy byudjet hisobidan shunday pechlar qoʻyib berish boshlangan. Bu orqali 20 million kubmetr gaz iqtisod qilinib, ehtiyojmand aholi ixtiyorida 12 milliard soʻm qoladi.
Shu tarzda, yurtimizdagi 1 million xonadon isitish tizimini energiya tejamkoriga almashtirish vazifasi qoʻyildi.
Yurtimizda 2 ming 349 ta yirik gaz isteʼmolchisi bor. Ularning orasida omilkorlari ham koʻp. Masalan, Ohangarondagi kafel ishlab chiqaruvchi korxona oʻzidan chiqqan issiqlikdan qayta foydalanish texnologiyasini joriy qilgan. Lekin, yirik isteʼmolchilarning bor-yoʻgʻi 25 foizida zamonaviy gaz tejovchi uskunalar oʻrnatilgan.
Davlatimiz rahbari bunga alohida toʻxtalib, viloyat hokimliklari va Energoinspeksiya mana shunday masalalar bilan shugʻullanishi kerakligini taʼkidladi. Yirik gaz isteʼmolchisi boʻlgan korxonalarda ilmiy-texnik asoslar bilan energiya tejamkor texnologiyalar oʻrnatish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Maʼlumki, shu yil 23 avgustdagi Prezident farmoniga asosan, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi – Oʻzenergoinspeksiya Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazildi. Bu uning imkoniyatlari va ish samaradoriligini oshiradi.
Endi shunday ishlarni eng yirik elektr isteʼmolchilari boʻyicha ham qilish kerakligi aytildi.
Bu borada ijobiy tajribalar bor. Misol uchun, “Amu-Buxoro” kanaliga 100 Megavattli quyosh stansiyasi oʻrnatildi. Buning natijasida tarmoqdan olinadigan energiya miqdori 30 foizga yoki 200 million kilovattga qisqardi. Yana shuncha quvvat ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Bu bejiz emas. Jami elektr isteʼmolining 10-11 foizi suv xoʻjaligi korxonalariga toʻgʻri keladi. Shu bois kelgusi uch yilda suv xoʻjaligi inshootlarida elektr isteʼmolini kamida 25 foizga qisqartirish vazifasi belgilandi.
Energiya samaradorligini taʼminlashda yana bir manba bu – quyosh. Masalan, Oltiariqdagi tadbirkor 300 kilovattli quyosh paneli oʻrnatib, yiliga 540 ming kilovatt soat yoki 486 million soʻmlik elektrni oʻzi ishlab chiqarayapti.
Bu yil aholiga 182 Megavatt, tadbirkorlarga 791 Megavatt quvvatli muqobil energiya uskunalari oʻrnatish rejalashtirilgan. Lekin ayrim viloyatlarda bu boradagi ishlar sust ekani koʻrsatib oʻtildi. Tegishli mutasaddilar qatʼiy ogohlantirildi.
– Muqobil energiya manbalarini oʻrnatish bu – davlat siyosati, – dedi Prezident.
Yigʻilishda viloyat hokimlari, energetika tarmoqlari rahbarlari hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash chora-tadbirlari yuzasidan hisobot berdi.