Energiyani tejash boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

0
124
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 oktyabr kuni energiya resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari bu haqda bir hafta oldin kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha yigʻilishda koʻrsatma bergan edi. Shu asosida kuz-qish mavsumida yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash va bir maromda yetkazib berish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Maʼlumki, iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanib, turmush darajasi yaxshilangani sari energiyaga talab ham oshib boradi. Soʻnggi besh yilda yurtimizda elektr energiyasi isteʼmoli 20 foizga, jumladan, aholi tomonidan sarflanishi 31 foizga oshgan. Bu koʻrsatkich yiliga 6 foizdan oʻsib bormoqda.

Shu bois energiya ishlab chiqarish izchil rivojlantirilmoqda, bunga qoʻshimcha suv, quyosh, shamol energetikasi stansiyalari barpo etilmoqda.  Shu bilan birga, elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfini hisoblash tizimi ham tartibga keltirildi. Endigi muhim vazifa – bu neʼmatni qadrlab, tejab, oʻz oʻrnida foydalanish.

Taqdimotda mutasaddilar bu boradagi takliflarni bayon etdi. Xususan, sanoat korxonalarida ish jarayonini optimallashtirish, energiya ishlab chiqarish texnologiyasini modernizatsiya qilish, qozonxonalarni yangilash va taʼmirlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga tabiiy gaz va elektr energiyasini 10 foizgacha qisqartirish mumkinligi aytildi.

Davlatimiz rahbari bu masala yildan-yilga dolzarb boʻlib borishi, shuning uchun hamma soha va hududlarda energiyani tejashga oʻrganish kerakligini taʼkidladi. Bu pirovard natijada xalqimizni energiya manbalari bilan uzluksiz va barqaror taʼminlashga xizmat qiladi.

Bugungi kunda dunyoda energiya resurslari taqchilligi sezilmoqda. Shuning uchun koʻplab davlatlarda energiya sarfini tejash va aholi xonadonlarida issiqlik haroratini moʻtadillashtirish choralari koʻrilmoqda.

Yurtimizda ham bu borada ijobiy tajribalar ommalashmoqda. Masalan, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida koʻchalarni yoritish tizimidan oqilona foydalanish hisobiga bir haftada 50 ming kilovatt-soat yoki 14 foiz elektr energiyasi tejalayotir.

Shu bois mutasaddilarga hududlarga chiqqan holda, energiyani tejash boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlarni izlash vazifasi qoʻyildi.

Ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorligini oshirish, quyosh panellaridan foydalanishni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi hamda Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi vakolatlarini kuchaytirish, noqonuniy holatlarga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.