Yer hisobi va kadastr xizmatlarini yaxshilash choralari belgilandi

0
104
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 oktyabr kuni yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarini yaxshilash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Soʻnggi yillarda bu sohada katta ishlar amalga oshirildi. Jumladan, topografik oʻlchovlar uchun Kadastr agentligi maxsus samolyot va aerofotokamera, 112 ta dron bilan taʼminlandi. Sohani raqamlashtirish uchun 6 ta axborot tizimi va maʼlumotlar markazi ishga tushirildi.

Bularning hisobiga, oʻtgan uch yilda 96 foiz yerlarning elektron xaritasi yaratildi. 40 million gektar yer roʻyxatga olinib, soliq bilan bogʻlandi. Avval hisoblanmagan 790 mingta yangi va 520 mingta qoʻshimcha qurilma tizimga kirdi. Bular orqali byudjetga 1,1 trillion soʻmlik qoʻshimcha manba yaratildi.

Shuningdek, zaxiradagi 1,2 million gektar qishloq yerlariga kadastr qilingani hisobiga 675 ming aholi va fermerlarga 425 ming gektar yer boʻlib berildi.

Shu bilan birga, sohada hali qilinadigan ishlar ham koʻp. Xususan, 146 ming kilometr ichki yoʻllar va atrofidagi yerlarning hujjati yoʻq.

Suv xoʻjaligida ham shu ahvol. Suv havzalari, kanal va kollektorlar atrofidagi boʻsh yerlarni auksion orqali aholi va tadbirkorlarga berish mumkin. Lekin bugungi kunda 827 ming gektar suv fondi yerlaridan faqat 380 ming gektarining kadastr hujjatlari bor.

Shu bois yoʻl va suv fondi yerlari kadastrini yakunlab, ulardan foydalanishga sharoit yaratish boʻyicha koʻrsatma berildi. Bu orqali 1 million aholi bandligini taʼminlash mumkinligi taʼkidlandi.

Hisob-kitoblarga koʻra, respublikada 2,4 millionta xonadonning egalik hujjati yoʻq. Ularning qadastr hujjati qilinsa, odamlarga huquqiy, iqtisodiy zamin boʻladi. Shu bois hujjatsiz uy-joylarga egalik huquqini berish boʻyicha qonun loyihasini yakuniga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, aholi uzoq yillardan buyon uy-joy sifatida foydalanib kelayotgan, lekin hujjatda qishloq xoʻjaligi yerlari boʻlib qolayotgan 817 ming gektar yerni xatlovdan oʻtkazib, yer toifasini oʻzgartirish taklifi bildirildi.

Kadastr tizimida ish hajmi koʻpligi ham dolzarb masala. Bu yil 1,5 millionta kadastr xizmati koʻrsatilgan boʻlsa, shundan 600 mingtasi kadastr yigʻma jildi bilan bogʻliq. Tizimdagi 25 foiz xodim shu bilan band. Ularga ish yuklamasi ikki barobar koʻp.

Bu borada Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tajriba tariqasida xususiy kadastr muhandisi instituti joriy etildi hamda 165 ta xususiy kadastr muhandisi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Endi bu faoliyatga xususiy sektorni jalb qilish nazarda tutilmoqda. Odamlar istasa xususiy sektorga, istasa davlat idorasiga murojaat qilishi mumkin boʻladi. Buning uchun koʻchmas mulklar yangi “UZKAD” axborot tizimiga oʻtkaziladi, 2024 yil 1 iyuldan respublikaning barcha hududlarida xususiy kadastr muhandislari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Davlatimiz rahbari kadastr xizmatlari qamrovi va sifatini oshirish, buning uchun malakali kadrlar tayyorlash, sohani ilm-fan bilan uygʻunlashtirish va raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.