Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i
Yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni taʼminlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar obyekti sifatida erkin muomalaga kiritish maqsadida:
1. Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ishlab chiqilgan er toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar maʼqullansin.
2. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2021 yil 1 avgustdan boshlab:
er uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga (keyingi oʻrinlarda – davlat tashkilotlari) – doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga boʻlgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi;
ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda belgilangan tartibda qurilgan koʻchmas mulk obyektiga mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, ushbu obyektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga oʻtadi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, natijalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadigan ochiq elektron tanlov yakunlariga koʻra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;
davlat tashkilotlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
barcha hollarda yer uchastkalari faqat boʻsh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning oʻzida yer uchastkasini olib qoʻyish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi, ushbu yerlar davlat-xususiy yoki ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddatiga xususiy sherik, nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin;
koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi, agar koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqa huquq bilan tegishli boʻlmasa, ularga umumiy foydalanish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
3. Belgilansinki, Vazirlar Mahkamasi 2021 yil 1 avgustdan boshlab, istisno tariqasida, faqat quyidagi hollarda yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berishga haqli:
qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba sinovlar amalga oshirish uchun davlat ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalariga – Qishloq xoʻjaligi vazirligining taklifiga asosan;
agrosanoat klasterlariga – yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablagʻi depozitga qoʻyilganda, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimining taklifiga asosan;
eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSH dollari ekvivalentida (er maydoni hajmiga koʻra ortib boradi) boʻlgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun – loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablagʻ avvaldan maxsus hisobraqamga joylashtirilganda;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga – ijaraga olish huquqini olganlik uchun bozor qiymatida haq toʻlagan holda (xalqaro birlashmalar va tashkilotlardan tashqari).
4. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid quyidagi vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilinsin:
er uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yoʻl bilan tasarruf qilish, bundan mazkur Farmonga muvofiq yer uchastkalarini davlat tashkilotlariga doimiy foydalanishga ajratish, ochiq tanlov yakunlarini tasdiqlash, ijara shartnomasini imzolash, yer uchastkalarini xususiylashtirish natijalarini rasmiylashtirish boʻyicha vakolatlar mustasno;
tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni belgilash, eʼtirof etish, oʻzgartirish, bekor qilish;
sugʻoriladigan yerlarni sugʻorilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sugʻorilmaydigan qishloq xoʻjaligi yerlarini boshqa yer toifasiga oʻtkazish;
jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xoʻjaligini yuritish uchun yer berish;
xususiylashtiriladigan yer uchastkalariga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash.
5. Qonunchilik hujjatlarida ushbu Farmonda belgilanganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartiblar, imtiyoz va istisnolar 2021 yil 1 avgustdan toʻliq bekor qilinsin.
Davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish taqiqlansin.
Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bir oy muddatda alohida ijtimoiy himoya qilinadigan shaxslarga, shuningdek, yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan shaxslarga yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotib olish xarajatlarini toʻliq yoki qisman qoplab berish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
“Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi;
“Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi;
“Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.
7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (J.Qoʻchqorov):
bir oy muddatda “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga asosan doimiy foydalanish (egalik qilish) yoki meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida berilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini;
Adliya vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xoʻjaliklari ulushini oshirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Ushbu Farmon rasman eʼlon qilingan kundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilguniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari tomonidan mazkur Farmonda nazarda tutilganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratish qatʼiyan toʻxtatilsin.
9. Yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda – Respublika kengashi) va joylarda hududiy kengashlar tashkil etilsin, ularning tarkibi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Respublika va hududiy kengashlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
er toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini qoʻllashda vujudga kelayotgan muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish, shu jumladan, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
erdan oqilona foydalanish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganib, milliy xususiyatlarni inobatga olgan holda ularni joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlash;
er toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ahvolini muntazam oʻrganib borish, sohada huquqni qoʻllashning yagona amaliyotini shakllantirish;
erga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini bevosita taʼminlash va davlat nazoratini olib borishga masʼul davlat organlarining sohaga doir faoliyatini oʻrganib, muvofiqlashtirib borish, tegishlicha ushbu organlar va ularning quyi tuzilmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
erlarni, ayniqsa, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni muhofaza qilish, qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirish;
erga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash hamda qonun buzilishi holatlarining oldini olishda keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni tashkil etish;
er ajratish va undan foydalanish jarayonlariga axborot-kommunikatsiya vositalarini keng joriy qilish orqali sohada raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirishga koʻmaklashish;
erga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash samaradorligini oshirishga oid boshqa masalalarni koʻrib chiqish.
10. Yer toifasidan qatʼi nazar barcha turdagi yer uchastkalari hamda bino-inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazmaslik holatlarini aniqlash, yer uchastkalarining oʻzboshimchalik bilan egallab olinishiga va chegaralarini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish, yerdan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazorati Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlarini oʻz vaqtida aniqlash va chora koʻrish uchun Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi xodimlari masʼul ekanligi belgilansin.
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlariga yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanganda Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq ushbu yer uchastkalariga boʻlgan huquqni bekor qilish, oʻzboshimchalik bilan egallangan yer maydonida noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri sudga murojaat qilish huquqi berilsin.
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi Adliya vazirligi bilan birga yer toʻgʻrisidagi qonunchilik, shu jumladan, yangi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini ijrochilar hamda aholi oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etsin.
11. Belgilab qoʻyilsinki:
Bosh prokuratura, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari tegishlicha Respublika kengashi va hududiy kengashlarning ishchi organi hisoblanadi;
Respublika kengashi va hududiy kengashlar yigʻilishlari har chorakda kamida bir marotaba oʻtkaziladi, Respublika kengashi va hududiy kengashlar yigʻilishlariga davlat organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etilishi mumkin;
hududiy kengashlar oʻz faoliyati toʻgʻrisida har chorakda Respublika kengashiga hisobot beradi.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari bir oy muddatda tegishli mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari tomonidan 2019 yil 1 yanvardan hozirga qadar qabul qilingan yer uchastkalarini berish va olib qoʻyish bilan bogʻliq barcha hujjatlarning yagona roʻyxatini tasdiqlab, ularni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha umumlashtirsin hamda Bosh prokuratura va Adliya vazirligiga taqdim etsin.
Bosh prokuror N.T.Yoʻldoshev Respublika kengashi va hududiy kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, yer toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari normalarining buzilishiga, shu jumladan, yer uchastkalarini berish va olib qoʻyish bilan bogʻliq hujjatlarni qalbakilashtirish holatlariga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan qatʼiy prokuror nazoratini oʻrnatish, aybdor shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash uchun javobgar ekanligi belgilansin.
13. Belgilansinki:
elektron onlayn-auksion va ochiq tanlovga qoʻyish uchun yer uchastkalarini tanlash, kelishish, auksion va tanlovda ishtirok etish uchun murojaatlarni qabul qilish, auksion va tanlovni oʻtkazish, uning natijalarini rasmiylashtirish bilan bogʻliq barcha jarayonlar, istisnolarsiz faqat elektron axborot tizimlaridan foydalangan holda, elektron hujjat almashinuvi yoʻli bilan amalga oshiriladi;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga doir barcha qarorlarini qabul qilish ular tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron – “E-qaror” tizimi orqali, ushbu qarorlarda yer uchastkasiga doir geografik maʼlumotlar va xaritalarni shakllantirish esa “Kadastr va roʻyxatdan oʻtkazish integratsiyalashgan axborot tizimi” orqali avtomatik ravishda amalga oshiriladi;
huquqiy ekspertiza yakuni boʻyicha hududiy adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjudligi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer munosabatlariga doir hujjatlarni qabul qilishning majburiy sharti hisoblanadi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M.Sadikov), Adliya vazirligi (R.K.Davletov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J.Ortiqov), Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi (F.K.Umarov) bir oy muddatda mazkur band talablaridan kelib chiqqan holda, tegishli axborot tizimlari faoliyatini takomillashtirish va ularni oʻzaro integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
14. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
Qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning maʼmuriy reglamenti;
Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratishning maʼmuriy reglamenti;
Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq 2021 yil 1 avgustdan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 4-ilovaga muvofiq 2021 yil 1 avgustdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
17. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Sh.M.Gʻaniyev va J.A.Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori N.T.Yoʻldoshev belgilansin.
Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021 yil 1 oktyabrga qadar, keyinchalik har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2021 yil 8 iyun