Yer osti suvlari muhofazasi kuchaytiriladi

0
152
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yer osti suvlarini muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Yer osti suvlari tabiat va aholi uchun eng zarur chuchuk suv manbalaridan biri. Undan tartibsiz foydalanish oqibatida koʻp joylarda yer osti suvi kamayib ketmoqda. Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Fargʻona va Andijon viloyatlarining ayrim hududlarida uning sathi 5 metrgacha pasayib ketgan.

Shunga qaramay, joylarda ruxsatsiz quduqlar burgʻilash, yer osti suvlaridan nazoratsiz va hisobsiz foydalanish hamon davom etmoqda. Shu bois, Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq, yer osti suvlari muhofazasini kuchaytirish va undan foydalanishni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga koʻra, yer osti suvining sathi 5 metrdan ziyod pasaygan hududlarda quduqlar burgʻilash va yer osti suvlaridan foydalanishga moratoriy joriy qilinadi.

Hozirgi kunda quduqlarning 90 foizida hisoblagich yoʻqligi sababli yer osti suvlari sarfi toʻgʻrisida aniq maʼlumot toʻplash imkoni boʻlmayapti. Shuning uchun yer osti suvlaridan foydalanuvchilarga 2024 yil 1 yanvarga qadar oʻz tasarrufidagi inshootlarni suv hisoblagich bilan jihozlash majburiyati qoʻyilmoqda.

Shuningdek, 2023 yil 1 apreldan boshlab har bir quduqqa alohida emas, balki quduqlarni burgʻilash faoliyatiga ruxsatnoma berish yoʻlga qoʻyiladi. Sathi pasayib ketayotgan yer osti suvi konlarini tubdan qayta baholash boʻyicha geologiya-qidiruv ishlari amalga oshiriladi.

Yana bir yangilik – yer osti suvlarining holatini kuzatib borish, xavfli geologik jarayonlardan muhofaza qilishning yagona tizimini yaratish maqsadida Davlat geologik monitoring xizmati tashkil etiladi.

Umuman olganda, bu chora-tadbirlar yer osti suvining kamayish jarayonini toʻxtatish va boshqa hududlarda bunday holat yuzaga kelishining oldini olishga xizmat qiladi.

 Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, suvdan hisobsiz foydalanishga chek qoʻyish, bu borada intizomni kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Chuchuk suv manbalarini asrash va aholi uchun uzoq muddatga yetadigan zaxira yaratish muhimligini taʼkidladi.  

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.