Yer resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha vazifalar belgilandi

0
71
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 21 noyabr kuni yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Hududlardagi iqtisodiy oʻsish, oziq-ovqat xavfsizligi, ish oʻrinlari va investitsiya oqimi, avvalo, yerga bogʻliq. Oxirgi uch yilda raqamlashtirish hisobiga 40 million gektar yoki jami yerlarning 90 foizi kadastrda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

Shu bilan birga, 44 million 800 ming gektar yer maydoni, 8 million 300 mingta bino va inshootning mulk sifatidagi bozor bahosi hisoblanmagan. Hozirda mavjud bino va inshootlarning shartli kadastr qiymati 70 milliard dollarni tashkil qiladi. Aslida, ularning haqiqiy bozor bahosi bundan kamida 4-5 barobar koʻp. Bunga yerning bozor qiymati ham qoʻshilsa, katta “iqtisodiy aktiv” boʻladi.

Sohada zamonaviy aerofotokamera va dronlar qoʻllanayotgani natijasida koʻp zaxiralar aniqlanmoqda. Masalan, Qarshi tumanida ekin yerlari 45 ming gektar deb koʻrsatib kelinayotgan boʻlsa-da, hisobotda yaylov boʻlib turgan 5 ming 100 gektar maydon ham aslida sugʻoriladigan yer ekanligi aniqlandi. Bu byudjetga qancha tushum, qancha ish oʻrni va daromad yoʻqotilayapti, degani.

Umuman olganda, qishloq xoʻjaligida 286 ming gektar yerning huquq belgilovchi hujjatlari toʻliq emas. Doimiy foydalanish uchun ajratilgan 460 ming gektar yerning huquqiy maqomi aniq emas. 159 ming gektar yerning hujjatdagi va amaldagi maydoni bir-biridan farq qiladi.

Oqibatda, jami 900 ming gektardan ziyod qishloq xoʻjaligi yerlari kadastr roʻyxatidan oʻtmasdan turibdi. Kadastri yoʻqligi sababli ularni takroriy ekinlar uchun rasman ikkilamchi ijaraga berish imkoni boʻlmayapti. Bular tufayli kamida 300 ming ish oʻrni, takroriy ekindan olinayotgan mahsulot hamda norasmiy ijaraning hisobi yuritilmayapti.

Shu bois bunday yerlar samaradorligini oʻrganish vazifasi qoʻyildi. Agar dehqon va fermerlar yerdan unumli foydalanayotgan boʻlsa, ular bilan ijara shartnomasi tuziladi va kadastr roʻyxatiga olinadi. Aksincha, oqilona ishlatilmayotgan yerlar hokimlik zaxirasiga qaytariladi.

Mutasaddi vazirliklarga ushbu tizimni amaliyotga joriy qilish, kelgusi yil aerosuratga olish va qishloq xoʻjaligi yerlari kadastrini toʻliq yakunlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari oʻtgan haftada Surxondaryoga tashrif chogʻida eksportbop sabzavotlar ekish imkoniyatlarini aytgan edi. Hududlarda buni istovchi yurtdoshlarimiz koʻp.

Shu bois har bir tumanda eksportbop sabzavot eksa boʻladigan kamida 100 gektardan boʻsh yerlar ajratilishi belgilandi. Bu boʻyicha taqdimotlar oʻtkaziladi, mahsulot yetishtiruvchilar “fermerlar maktabi”da oʻqitiladi. Hosildor urugʻlar kafolatli yetkazib beriladi.  Ekin yeri “ishning koʻzini biladigan”, eksport koʻnikmalariga ega insonlarga auksion orqali ijara huquqi bilan sotiladi.

Yigʻilishda yer hisobini toʻgʻri yuritish masalasiga eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda 817 ming gektar yer aholi yashash joyi va sanoat hududiga aylanib ketgan, ammo hisobotlarda qishloq xoʻjaligi yerlari toifasida turibdi. Kadastr agentligi va hokimliklarga bu noaniqliklarni hal qilish, amaldagi “er balansi”ni hisobotda toʻgʻri aks ettirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Suv xoʻjaligida ham hujjati yoʻq koʻp yerlar bor. Ulardan qoʻshimcha iqtisodiy samara olishning yoʻli – toʻliq kadastrdan oʻtkazish. Bir soʻz bilan aytganda, bu – ish oʻrni uchun ham, oziq-ovqat uchun ham qoʻshimcha zaxira.

Shu bois kanal va kollektorlar, tabiiy koʻl va daryolar oldidagi yerlarni hujjatlashtirib, aholiga eksportbop ekinlar uchun berish vazifasi qoʻyildi.

Yoʻl xoʻjaligida muayyan ichki yoʻllar va unga tutash yerlarda hujjat yoʻq. Masalan, Qoraqalpogʻiston va Xorazmda ichki yoʻllar chegarasini belgilash vaqtida auksionga chiqarsa boʻladigan 2 ming 700 dan ziyod boʻsh yer uchastkasi aniqlangan. Shu bois kelgusi yil “Tashabbusli byudjet” va “Mening yoʻlim” loyihalari doirasida ichki yoʻllarning kadastr hujjatini tayyorlash ham nazarda tutiladi.

Yigʻilishda yerlardan samarali foydalanish masalasi atroflicha tahlil qilindi.

Qanchalik qiyin boʻlmasin, oxirgi besh yilda qishloq xoʻjaligidan 42,5 ming gektarni qisqartirib, aholi punktlari va sanoat yerlari toifasiga oʻtkazildi. Lekin viloyat, tuman va shahar hokimlari ulardan samarali foydalana olmayapti. Xususan, 100 ta tumanda toifasi oʻzgargan 17,5 ming gektar yer na tadbirkorga berilgan, na auksionga chiqarilgan. Sanoat zonalarida ham boʻsh yerlar bor. Oqibatda milliardlab soʻm byudjet tushumi yoʻqotilgan.

Hokimlarga bu boradagi ishlarni jadallashtirish boʻyicha qatʼiy koʻrsatmalar berildi.

Kadastr sohasi uchun kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish ham muhim vazifalardan. Bugungi kunda bu boradagi oʻqitish sifati talab darajasida emas. Ayrim fakultet va kafedralar nomiga ochilgan, oʻquv dasturlari zamondan orqada qolgan.

Shu bois ularda zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish, yangi oʻquv adabiyotlari va xorijdan malakali mutaxassislar olib kelish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilish yakunida vazirlik, hokimlik va idoralardagi ijro intizomi holatiga toʻxtalib oʻtildi.

– Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida juda katta islohotlarni amalga oshirayapmiz. Hech bir soha eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq. Lekin, islohotlar “qogʻozda” qolib ketmasligi kerak. Vazirlik va tarmoq rahbarlari, hokimlar joylarda ularning ijrosini soʻzsiz taʼminlashi shart, – dedi Prezident.

Ayrim rahbarlar raqam ortidan quvib, sifat, samaradorlik va talabchanlikni susaytirgani koʻrsatib oʻtildi. Ijro intizomini taʼminlash, barcha dastur, “yoʻl xaritasi” va loyihalarni oʻz muddatida bajarish lozimligi qatʼiy taʼkidlandi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.