Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilning 9 oyida erishilgan iqtisodiy natijalar, yil yakunigacha kutilayotgan koʻrsatkichlar va 2024 yilga moʻljallangan makroiqtisodiy prognozlar muhokama qilindi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Joriy yilning 9 oyida mamlakatimiz iqtisodiyoti 5,8 foizga oʻsdi. Jumladan, sanoat 5,7 foiz, qishloq xoʻjaligi 4,1 foiz, xizmatlar 12,1 foizga oshdi.
Jahon bozorlari va logistikadagi murakkabliklarga qaramay, eksport 23,5 foizga oshib, 17,7 milliard dollarni tashkil qildi.
Iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududlarda yirik sanoat va infratuzilma loyihalari amalga oshirilayotgani hisobiga, 226,6 trillion soʻm investitsiyalar oʻzlashtirilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 11,8 foizga koʻpaydi.
Yigʻilishda joriy yil yakunigacha kutilayotgan koʻrsatkichlar tahlil qilindi.
Davlatimiz rahbari dunyodagi ogʻir vaziyat iqtisodiyotga salbiy taʼsir etayotgani va nomaʼlumligicha qolayotgani, shu bois barqaror iqtisodiy oʻsishni izchil davom ettirish uchun ichki imkoniyatlarni koʻproq ishga solish zarurligini taʼkidladi.
Aynan shuning uchun 2023 yildan qoʻshilgan qiymat soligʻi 15 foizdan 12 foizga tushirildi. Buning evaziga tadbirkorlar ixtiyorida 7 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ qoldi.
Shuningdek, hududlar infratuzilmasini yaxshilashga 35 trillion soʻm, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga 19 trillion soʻm yoʻnaltirildi.
Shularning natijasida, joriy yilda nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan global iqtisodiyot 3 foiz oʻsishi prognoz qilinayotgan paytda, milliy iqtisodiyotimiz kamida 5,6 foizga oshishi kutilmoqda.
Yigʻilishda 2024 yilda barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish chora-tadbirlari atroflicha muhokama qilindi.
Maʼlumki, joriy yil sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyada iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish boʻyicha koʻplab maqsad va vazifalar belgilandi. Hukumatga 2024 yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturni mazkur strategiyadagi vazifalarni bajarish nuqtai nazaridan puxta ishlab chiqish topshirildi.
Bunda yalpi ichki mahsulotning hozirgi oʻsish surʼatini kelgusi yilda ham davom ettirish uchun barcha imkoniyat va zaxiralar borligi koʻrsatib oʻtildi.
Xususan, 2024 yilda 13 milliard dollarlik 300 dan ziyod loyihani ishga tushirish, energiya taʼminotini barqarorlashtirish, tarmoqlar samaradorligi oshirish hisobiga sanoatda 6 foiz oʻsish imkoniyati bor.
Xizmatlar sohasida 15 foiz oʻsishni taʼminlash uchun transport, logistika, agro-xizmatlar, sugʻurta, lizing kabi yoʻnalishlardagi foydalanilmayotgan imkoniyatlarni toʻliq ishga solish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari transport, suv xoʻjaligi, kommunal kabi sohalarda boshlangan islohotlarni faollashtirish, bunda aholi va biznesni qoʻllab-quvatlashga alohida ahamiyat qaratish zarurligini taʼkidladi.