Aziz yurtdoshlar!
Muhtaram adiblar, qadrli yoshlarimiz!
Avvalo, barchangizni elimizning suyukli farzandi, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning betakror ijodiga bagʻishlangan bugungi festival – oʻziga xos adabiyot va sanʼat bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Maʼlumki, xalqimizning aql-zakovati va azmu shijoati bilan barpo etilayotgan Yangi Oʻzbekistonda milliy adabiyot, madaniyat va sanʼatni rivojlantirish mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishini tashkil etadi.
Zotan, maʼrifatparvar shoirimiz Abdulhamid Choʻlponning “Adabiyot yashasa – millat yashar” degan hikmatli soʻzlarida chuqur maʼno bor.
Oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini har tomonlama oʻrganish va keng targʻib qilish, uni bugun yuz berayotgan murakkab jarayonlar bilan uzviy bogʻliq holda tahlil etib, zarur xulosalar chiqarish maʼnaviy hayotimizni yuksaltirishda, hech shubhasiz, katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, hozirgi notinch va tahlikali zamonda milliy oʻzligimizni anglash, azaliy ezgu qadriyatilarimizni saqlash va boyitish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday oʻta muhim vazifalarni amalga oshirishda xalqimizning Erkin Vohidov kabi buyuk va ardoqli farzandlarining qutlugʻ va oʻlmas merosi albatta beqiyos oʻrin tutadi.
Oʻylaymanki, bu moʻtabar zotni ortiqcha taʼriflab oʻtirishning hojati yoʻq. Ulkan shoir va dramaturg, mohir tarjimon va oʻtkir publitsist, taniqli jamoat arbobi sifatida Erkin Vohidovning asarlari milliy adabiyotimizning “oltin fondi”dan, yurtimiz va chet ellardagi ming-minglab adabiyot muxlislarining qalbidan munosib va mustahkam oʻrin olgani bilan har qancha gʻururlansak, arziydi.
Hozirgi vaqtda yurtimizda ulugʻ shoirimiz xotirasini eʼzozlash va boy ijodiy merosini oʻrganish boʻyicha katta ishlar qilinmoqda. Xususan, Margʻilon shahrida ijodkorlar bogʻi bunyod qilinib, sevimli adibimizning haykali va muzeyi ochildi. Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi tashkil etildi. Poytaxtimizning Adiblar xiyobonida u kishiga bagʻishlab muhtasham yodgorlik obidasi qad rostladi. Shoir tavalludining 80 yilligi yurtimiz boʻylab keng nishonlandi.
Men Erkin Vohidovdek serqirra isteʼdod egasi, haqiqiy vatanparvar va millatparvar inson bilan zamondosh va maslakdosh boʻlib yashash nasib etganidan baxtiyorman.
Yurtimizda maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda olib borilayotgan bugungi joʻshqin islohotlarimizda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf singari betakror ijodkorlarimizning oʻrni har qadamda sezilib turadi. Ammo hozirgi kunda yetishib kelayotgan isteʼdodli yoshlarimiz – mening aziz va qadrli farzandlarim buyuk ustozlarining yoʻlini munosib davom ettirayotgani bizga taskin beradi.
Bugungi ijodiy anjuman doirasida ardoqli shoirimizning otashin va dilbar sheʼrlari yangrayotgani, u kishining gʻazallari asosida aytilgan qoʻshiqlar tanlovi oʻtkazilayotgani, bu soʻlim maskanda Erkin Vohidov nomida bogʻ barpo etilayotgani tahsinga sazovordir.
Biz ushbu adabiy festivalni har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazish taklifini qoʻllab-quvvatlaymiz. Zero, buyuk tarixga ega boʻlgan, oʻz oʻtmishidan gʻururlanib, ayni vaqtda, kelajakka yuksak ishonch bilan intilayotgan bugungi oʻgʻil-qizlarimiz maʼnaviy buloqlarimizdan bahramand boʻlib, Yangi Oʻzbekistonning chinakam bunyodkorlari boʻlib voyaga yetishida mana shunday anjumanlarning oʻrni va taʼsiri beqiyos, albatta.
Fursatdan foydalanib, ushbu tadbir tashkilotchilari – Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “UzReport” telekanali va “Turonbank” mutasaddilariga, shoirning farzandlari va barcha muxlislariga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Festival qatnashchilarini, uning gʻolib va sovrindorlarini, turli hududlardan kelgan yoshlarimizni yana bir bor tabriklayman.
Barchangizga sogʻlik-salomatlik, ijodiy ishlaringizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti