Joriy yilning 20 yanvar kunlari Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari O.Nazarbekov Turkiya davlatiga xizmat safari bilan joʻnab ketganligi, Jaloliddin Manguberdi filmini tasvirga olish borasida muzokaralar boʻlib oʻtishi haqida xabar berilgan edi.
Tashrif doirasida, O. Nazarbekov oʻzbek kino muxlislari tomonidan sevib tomosha qilinayotgan “Ertugʻrul” (Dirilish) seriali prodyuseri va ssenariy muallifi Mehmet Boʻzdagʻ bilan uchrashdi. Mehmet Boʻzdagʻ faxriy mehmon bilan tushgan suratni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirarkan, ushbu izohni yozib qoldirdi:
«Serialimizning muxlisi, turk dunyosining qadrli xonandasi, qiymatli doʻstim, Oʻzbekiston Madaniyat vaziri oʻrinbosari va delegatsiyasini tasvirga olish maydonchasida qabul etdik».
Aytish kerakki, mazkur suratga olish maydonchasiga taniqli shaxslar, davlat va jamoat arboblari, sanʼat va sport yulduzlari tashrif buyurishi anʼanaga aylangan. Bugungacha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻan, Parlament raisi Binali Yildirim, sportchi Habib Nurmuhammedov va koʻplab davlat arboblari ushbu suratga olish maydonchasi mehmoni boʻlishgan.
Aytish kerakki, 2014 yilning 10 dekabridan TRT telekanali orqali efirga uzatilib kelinayotgan “Tirilish. Ertugʻrul” serialida bir necha bor Samarqand va Buxoro shaharlari haqida soʻz boradi. Unda film qahramonlari Samarqand va Buxoroni “muqaddas shaharlar” deb atab, Chingizxon bu shaharlarni yoqib kul qilgani aytiladi. Dunyoning turk, ingliz, rus, fransuz, yapon, nemis, xitoy, koreys tili kabi 50 ga yaqin tillarga tarjima qilingan ushbu serial bir necha oydirki, oʻzbek kino ixlosmandlarining ham sevimli seriallari qatoridan joy oldi.
Eslatib oʻtamiz, bundan bir necha oy avval, serial rejissyori Mehmet Boʻzdagʻ Madaniyat vazirligi taklifiga binoan, Jaloliddin Manguberdi haqida tarixiy film suratga olish ishlari borasidagi muzokaralarni boshlash uchun Oʻzbekistonga kelgan edi.
Tashrif davomida bu boradagi muzokaralar davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, safar davomida Strategik tafakkur institutida “Oʻzbekiston —madaniyatlar beshigi” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tashrif doirasida O.Nazarbekov Turkiyaning Turizm va madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Axmad Xaluk Tursun bilan muzokara olib borishi belgilangan. Suhbat davomida Turkiyada Oʻzbekiston madaniyati kunlari hamda Oʻzbekistonda Turkiya madaniyati kunlarini oʻtkazish, shuningdek, har ikki davlatda ham madaniyat markazlari tashkil etish, madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etiladi.