Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

0
340
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda milliy sport turlari va xalq oʻyinlarini (etnosport) targʻib qilish va ommalashtirish, bolalar va oʻsmirlarni ularga keng jalb qilish, xalqaro aloqalarni kuchaytirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 iyundagi PQ–5149-son qaroriga muvofiq:

1. Quyidagilar:

Etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;

Etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturini 2022-2023 yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi erishilgan natijalar va maqsadli koʻrsatkichlar boʻyicha tegishli davrga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan har yili tegishli yil uchun tasdiqlanadigan “yoʻl xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–201-son qarori bilan 2023 yil 1 martdan boshlab milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini oʻtkazish tizimi joriy qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashi (A.N.Aripov):

bir oy muddatda ommaviy sport musobaqalari tashkil qilinadigan etnosport turlari roʻyxatini tasdiqlasin;

2023 yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida etnosport turlari boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish uchun zarur mablagʻlar koʻpaytirilishi hamda ajratilishini taʼminlasin;

2023 yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga muvofiq, etnosport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazilishini taʼminlasin;

zarur hollarda, alohida etnosport turini rivojlantirish maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)larini tashkil qilish choralarini koʻrsin;

bolalar va oʻsmirlar hamda yoshlarni etnosport turlariga jalb qilish, shu jumladan, Etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi va uni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning toʻliq va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirsin.

Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Aslonov) hamda Oʻzbekiston etnosport assotsiatsiyasi (O.Norinbayev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2023 yildan boshlab etnosport turlari boʻyicha musobaqalarni har yili anʼanaviy tarzda 1 martdan oʻtkazsin.

Belgilansinki, etnosport turlari boʻyicha musobaqalarni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar 2023 yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.

3. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Aslonov) hamda Oʻzbekiston etnosport assotsiatsiyasi (O.Norinbayev) quyidagi asosiy yoʻnalishlarni bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq qilish boʻyicha zarur choralar koʻrsin:

aholining barcha qatlamlarini etnosport bilan shugʻullanishga keng jalb qilish, etnosportni ommalashtirish va aholi oʻrtasida targʻib qilish;

mahallalarda etnosport turlari boʻyicha xalq oʻyinlari va musobaqalarni oʻtkazish;

Butunjahon etnosport konfederatsiyasi bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, bu borada xalqaro aloqalarni rivojlantirish.

4. Belgilab qoʻyilsinki, 2023 yildan boshlab anʼanaviy tarzda:

Toshkent shahrida har yili bir marotaba etnosport turlari boʻyicha “Uzbekistan Ethno Games” respublika festivali;

Xiva shahrida har ikki yilda bir marotaba Xalqaro etnosport festivali tashkil qilinadi. Bunda, “Ichan qalʼa” majmuasida festivalning ochilish va yopilish marosimlari oʻtkaziladi.

Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Aslonov), Oʻzbekiston etnosport assotsiatsiyasi (O.Norinbayev) Toshkent shahar (J.Artikxodjayev) va Xorazm viloyati (F.Ermanov) hokimliklari bilan birgalikda yuqoridagi festivallarni yuqori saviyada tashkil qilish, musobaqalarga yoshlarni keng jalb qilish choralarini koʻrsin, zarur hollarda, tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Turizm va madaniy meros vazirligi (A.Abduxakimov) yuqoridagi festivallarni turistik marshrutlar obyektlari roʻyxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb qilsin hamda turistlarga milliy sport turlari va xalq oʻyinlarining tarixi va ahamiyati haqida maʼlumotlarni yetkazish choralarini koʻrsin.

5. Maktabgacha taʼlim vazirligi (B.Onorboyev), Xalq taʼlimi vazirligi (U.Sharifxodjayev), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (K.Karimov) Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Aslonov) hamda Oʻzbekiston etnosport assotsiatsiyasi (O.Norinbayev) bilan birgalikda:

milliy sport turlari va xalq oʻyinlarining mohiyati haqida targʻibot materiallari (qoʻllanma, buklet, banner, flayer va boshqalar)ni tayyorlasin hamda barcha taʼlim muassasalarida ularning jismoniy, intellektual, maʼnaviy-axloqiy jihatdan oʻrni haqida jismoniy tarbiya darslari hamda maʼnaviyat soatlarida tushunchalar berilishini tashkil etsin;

ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni etnosport turlariga keng jalb etish, ular oʻrtasida musobaqalarni ommalashtirishga qaratilgan motivatsion roliklar tarqatsin;

taʼlim muassasalarida milliy sport turlari va xalq oʻyinlari boʻyicha musobaqalarning muntazam ravishda oʻtkazilishini tashkil etsin, gʻolib va sovrindor boʻlgan jamoalarni oʻz mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish choralarini koʻrsin;

taʼlim muassasalarida malakali ustozlar, trenerlar, polvonlar hamda mutaxassislar ishtirokida seminar, trening, mahorat saboqlari tashkil etilishini taʼminlasin.

6. Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligining:

2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Respublika estrada sirk kollejida polvonlik va dorbozlik sanʼati yoʻnalishida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash;

2023 yildan boshlab, har ikki yilda bir marotaba polvonlar va dorbozlar ishtirokida “Polvonlar sulolasi” koʻrik-tanlovini oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov) uch oy muddatda:

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda dorbozlik va polvonlik yoʻnalishi boʻyicha oʻquv reja hamda oʻquv dasturlarini tasdiqlasin;

Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda “Polvonlar sulolasi” koʻrik-tanlovi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin. Bunda, koʻrik-tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar 2023 yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.

7. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov) 2023-2025 yillar uchun davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari loyihalarini shakllantirishda milliy sport turlari va xalq oʻyinlari boʻyicha ilmiy-tadqiqot loyihalari uchun tanlov eʼlon qilinishini taʼminlasin.

8. Sportni rivojlantirish vazirligi Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston etnosport assotsiatsiyasi, YUNYeSKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya bilan birgalikda 2023 yil yakuniga qadar malakali mutaxassis va xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda:

YUNYeSKO tashkilotidan nomoddiy madaniy meros maqomi olinishi mumkin boʻlgan etnosport turlari roʻyxatini shakllantirsin;

etnosport turlarining YUNYeSKOning nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga tavsiya etilishini taʼminlasin.

9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

bir oy muddatda har bir tuman (shahar)ning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib, aholining fikr va mulohazalarini inobatga olgan holda, joriy yil uchun milliy sport turlari va xalq oʻyinlarini ommalashtirish va rivojlantirish, sport musobaqalarini tashkil qilish boʻyicha hududiy dasturlarni qabul qilsin, shuningdek, kelgusida shunday dasturlarni har yili 1 fevralga qadar tasdiqlasin va ijrosini taʼminlasin;

2023 yilgi va kelgusi yillardagi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining hududiy kalendar rejalariga tuman (shahar)larda etnosport turlari boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;

2023 yildan boshlab Navroʻz umumxalq bayramini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlar doirasida milliy sport turlari va xalq oʻyinlari boʻyicha musobaqalar tashkil etsin;

“ustoz-shogird” anʼanasi asosida davom etib kelayotgan polvonlik va dorbozlik sanʼatini yanada kengroq ommalashtirish maqsadida polvonlik va dorbozlik sanʼati toʻgaraklarini tashkil etsin;

2023 yil 1 yanvarga qadar har bir hududda ot sporti turlariga tegishli boʻlgan anjomlarning savdosini yoʻlga qoʻyish maqsadida doʻkonlar faoliyatini tashkil etsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq oʻyinlari ensiklopediyasini oʻzbek, rus va ingliz tillarida toʻplam holida nashrga tayyorlash ishlari yakunlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Aslonov), Oʻzbekiston etnosport assotsiatsiyasi (O.Norinbayev), Oʻzbekiston Polvonlar milliy markazi (N.Yusupov) ikki oy muddatda:

ensiklopediyaning chop etilishi hamda Butunjahon etnosport konfederatsiyasiYUNYeSKO, vazirlik, idora, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari va boshqa tashkilotlarga taqsimot boʻyicha yetkazilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ensiklopediya taqdimotini tashkil etsin hamda ushbu jarayonni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini amalga oshirsin.

11. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Aslonov), Oʻzbekiston etnosport assotsiatsiyasi (O.Norinbayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov) hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) ikki hafta muddatda mazkur qaror asosida amalga oshirilayotgan ishlarni ommalashtirishga qaratilgan maqolalar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etish hamda quyidagilarni nazarda tutuvchi milliy sport turlari va xalq oʻyinlarini keng targʻib qilish boʻyicha media-reja ishlab chiqsin va amalga oshirsin:

Milliy xalq oʻyinlari  milliy gʻurur” rukni toʻgʻrisida maxsus roliklar tayyorlash va efirga joylashtirish;

milliy sport turlari va xalq oʻyinlarini targʻib qilish hamda yanada ommalashtirish boʻyicha polvonlar va faxriy ustozlar ishtirokida turkum koʻrsatuvlarni tashkil etish;

yoshlar oʻrtasida oʻzbek milliy xalq oʻyinlarini keng targʻib etish, ularda vatanparvarlik hissini uygʻotish, sogʻlom turmush tarziga amal qilishga undashga qaratilgan koʻrsatuvlarni namoyish etish orqali ommalashtirish.

12. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov, sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari A.U.Aslonov, Oʻzbekiston etnosport assotsiatsiyasi raisi O.K.Norinbayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023 yil 1 yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                          Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.