“Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻzaro bogʻliqligi: barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzuidagi birinchi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga

0
93
marta koʻrilgan.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

“Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻzaro bogʻliqligi: barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzuidagi birinchi konferensiyaning barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan qutlayman.

Tadbirda bevosita ishtirok etayotgan Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Jozep Borrel janoblariga, Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, xususan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki rahbarlariga oʻzimning alohida tashakkurimni izhor etishdan mamnunman.

Yaqinda ilk bor boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi davlat rahbarlari sammiti hamda bugungi xalqaro anjuman tomonlarning strategik hamkorlikka boʻlgan qatʼiy intilishini yaqqol namoyon etmoqda. Biz aloqalarimizga katta kuch va shiddat bagʻishlaydigan bu kabi muloqot va uchrashuvlarni muntazam oʻtkazib borish zarur, deb hisoblaymiz. 

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar va oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan turli ziddiyatlar, global siyosiy va iqtisodiy beqarorlik, turli zamonaviy tahdidlar mintaqalar va davlatlar oʻrtasidagi hamjihatlik va oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirishni taqozo qilmoqda.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangilangan strategiyasi qabul qilingan boʻlsa-da, afsuski, ogʻir sinov davri boʻlgan pandemiya tufayli avval belgilab olgan koʻpgina rejalarimiz, yevropalik hamkorlarimiz bilan kun tartibidagi eng muhim vazifalarni toʻliq amalga oshirdik, deb ayta olmaymiz.

Shu sababli Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan mazkur anjuman Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasida muloqotlarni faollashtirish, hamkorligimizni amaliy dastur va loyihalar bilan boyitish, mintaqalararo ochiq va samarali aloqalar tizimini shakllantirish, koʻp qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgani bilan gʻoyat ahamiyatlidir.

Biz jadal rivojlanib borayotgan ikki muhim mintaqaning oʻzaro aloqalarini kuchaytirish, “Global darvoza” tashabbusini toʻliq roʻyobga chiqarish maqsadida ustuvor yoʻnalishlar – raqamli transformatsiya, transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlik va “yashil oʻsish” loyihalariga alohida eʼtibor berish lozim, deb hisoblaymiz.

Avvalambor, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning raqamli transformatsiya borasidagi ulkan salohiyatidan oʻzaro manfaatli hamkorlik va inklyuziv rivojlanish yoʻlida unumli foydalanish muhim ahamiyatga ega.

Biz Yevropa Ittifoqining mintaqamizni bogʻlaydigan keng optik tolali yoʻlaklar barpo etish, boshqaruv va ijtimoiy soha, sanoat, sogʻliqni saqlash, taʼlim, moliya va qishloq xoʻjaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan reja va dasturlarini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Bundan tashqari, jahon bozorlariga chiqish, global integratsiya va hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etish uchun transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish mintaqamizning barcha mamlakatlari uchun birdek dolzarb vazifa hisoblanadi.

Bu borada Yevropa Ittifoqining qator tashabbuslari mintaqalarimiz oʻrtasida eng maqbul va samarali tranzit va logistika infratuzilmalarini yaratishga xizmat qilishiga aminmiz.

Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish orqali Yevropa qitʼasining Osiyo bilan savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada chuqurlashtirishga, Markaziy Osiyo mamlakatlarini esa tashqi bozorlarga eng qulay transport yoʻlaklari vositasida chiqishiga katta hissa qoʻshadi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi “yashil rivojlanish” boʻyicha bizning asosiy hamkorimiz hisoblanadi.

Mintaqamizda energiyani samarali sarflaydigan va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, “aqlli qishloq xoʻjaligi”ni rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya manbalari imkoniyatlarini toʻliq ishga solishda biz albatta, vakillari bu yerda toʻplangan barcha Yevropa davlatlarining eng ilgʻor va zamonaviy tajribasiga tayanamiz.

Hech shubhasiz, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, inklyuziv “yashil oʻsish”ga oʻtish, suvdan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash bundan keyin ham koʻp tomonlama hamkorligimizning ustuvor yoʻnalishlari boʻlib qoladi.

Shu maʼnoda, atrof-muhit va suv resurslari boʻyicha kelgusi yili Rim shahrida boʻlib oʻtadigan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” xalqaro konferensiyasi ushbu yoʻnalishda aniq amaliy natijalarga erishishga imkon yaratishiga ishonamiz.  

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash yoʻlida olib borayotgan birgalikdagi qatʼiy saʼy-harkatlarimiz albatta oʻz ijobiy natijasini beradi.

“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi mazkur platforma muntazam tus olib, uning sessiyalarida hamkorligimizning dolzarb mavzulari boʻyicha samarali muhokamalar oʻtkaziladi, mintaqaviy aloqalarimizga daxldor umumiy yondashuvlar va koʻp tomonlama dasturiy hujjatlar ishlab chiqiladi, degan umiddaman.

Ushbu barcha dolzarb masalalar, erishiladigan kelishuv va aniq loyihalar bugun qabul qilinayotgan Samarqand deklaratsiyasida hamda tasdiqlanadigan keng qamrovli “yoʻl xaritasi”da oʻzining batafsil ifodasini topadi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga – konferensiyaning barcha ishtirokchilariga sihat-salomatlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

Shavkat Mirziyoyev,                            Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.