Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel 27 oktyabr kuni mamlakatimizga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bugun, 28 oktyabr kuni tongda oliy martabali mehmon “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga borib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qoʻydi.
«Koʻksaroy» qarorgohida Sharl Mishelni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Ular birgalikda suratga tushdi.
Soʻng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.
Tor doiradagi uchrashuvda koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakatimizdagi demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni, eng avvalo, innovatsiyalar, «yashil» iqtisodiyot, raqamlashtirish sohalarida amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida amaliy hamkorlikni kengaytirish borasidagi birgalikdagi ishlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston tomonidan «Markaziy Osiyo — YeI» formatidagi sammitda ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni roʻyobga chiqarish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni tayyorlash masalasi kelishib olindi.