4 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekistonda ortga qaytmas demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarni amalga oshirishga koʻrsatilayotgan har tomonlama koʻmak uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Yevrokengash Prezidenti, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat barpo etish sari ochiq islohotlar yoʻlini davom ettirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatladi.
Shu maʼnoda Qoraqalpogʻistondagi vaziyatning baʼzi buzgʻunchi kuchlar tomonidan izdan chiqarilishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi alohida qayd etildi. Sharl Mishel jinoiy unsurlar tomonidan uyushtirilgan tartibsizliklar natijasida qurbon boʻlganlarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik soʻzlarini yetkazishni soʻradi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va YeI oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning tayyorlanishini yakuniga yetkazish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
“Preferensiyalar bosh tizimi plyus” afzalliklaridan foydalangan holda oʻzaro savdo va investitsiyalarni koʻpaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Tomonlar amaliy hamkorlikning aniq dastur va loyihalarini, eng avvalo, “yashil iqtisodiyot”, raqamlashtirish, innovatsiyalar, logistika, qishloq xoʻjaligi, ekologiya, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida ilgari surish masalalariga alohida toʻxtaldilar.
Markaziy Osiyo mintaqasida yuzaga kelayotgan vaziyat hamda YeI tuzilmalari bilan koʻp tomonlama muloqotning darajasini yanada yuksaltirish yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, shuningdek, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, shu jumladan Afgʻonistonda mustahkam tinchlik qaror topishiga koʻmaklashish va uning xalqiga qoʻldan kelgancha yordam koʻrsatishga qaratilgan yirik xalqaro tadbirlarni mamlakatimizda tashkil etish masalasi qoʻllab-quvvatlandi.