Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Suhbat avvalida Yevrokengash Prezidenti davlatimiz rahbari va Oʻzbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi. Respublikamizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar qatʼiy qoʻllab-quvvatlanayotgani taʼkidlandi.
Koʻp qirrali Oʻzbekiston-Yevroittifoq hamkorligining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekistonga “Preferensiyalar bosh tizimi plyus” benefitsiari maqomi taqdim etilgani ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, oʻzaro savdo hajmini oshirish va YeI mamlakatlarining yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini ilgari surishga, shuningdek, moliyaviy-texnik koʻmak dasturini kengaytirishga xizmat qilishi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Boʻlajak oliy darajadagi sammitning kun tartibini ishlab chiqish, shu jumladan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni tuzishga tayyorgarlik koʻrish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Afgʻonistondagi ahvolning keskinlashishi taʼsirida mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan ham fikr almashildi. Yevrokengash Prezidenti fuqarolarni evakuatsiya qilish boʻyicha insonparvarlik operatsiyalarini oʻtkazishda koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak uchun Oʻzbekiston yetakchisiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Bundan tashqari, joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida oʻtgan Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligi masalalari boʻyicha xalqaro konferensiya hamda avgust oyi boshida Turkmanistonda oʻtgan mintaqamiz davlatlari rahbarlari uchinchi Maslahat uchrashuvining samarali natijalari yuksak baholandi.