Mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kam sonli millatlar boʻyicha Oliy komissari Lamberto Zanyer rahbarligidagi delegatsiya 16 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi R.Qurbonov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mazkur qoʻmita fuqarolar totuvligi va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, turli millatlar vakillari oʻrtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, vatandoshlarimiz ongida koʻp millatli yagona oila tuygʻusini shakllantirish yoʻlida xizmat qilayotgani taʼkidlandi. Bu maqsadlarni bajarishda milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyati davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq, tinch-totuv yashab kelmoqda. Ular oʻz huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarishi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Jamiyatimizda doʻstlik va mehr-oqibat, millatlararo va dinlararo totuvlik muhiti yanada mustahkamlanmoqda. Yurtimiz boʻylab 130 dan ziyod milliy madaniy markaz, 30 dan ortiq doʻstlik jamiyati muvafaqqiyatli faoliyat yuritayotgani faol “xalq diplomatiyasi” asosida chet eldagi vatandoshlarimiz bilan muntazam va oʻzaro foydali munosabatlarni yoʻlga qoʻyish imkonini bermoqda.
Uchrashuvda mehmonlarga milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyati, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlar, Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
YeXHT delegatsiyasi aʼzolari Oʻzbekistonda bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, turli millat va elat vakillarining urf-odat va anʼanalarini asrab-avaylash boʻyicha yangi bosqichda olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Yurtimizda faoliyat olib borayotgan qozoq, tojik, qirgʻiz, rus, tatar va turkman milliy madaniy markazlari vakillari ishtirokida davom etgan uchrashuvda mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda millatlar va elatlararo totuvlikning ahamiyati xususida oʻzaro fikr almashildi.
– Delegatsiyamizning Oʻzbekistonga tashrifi davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida ijobiy oʻzgarishlar va yangilanishlar kechayotgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda, – dedi Lamberto Zanyer. – Safarimizni vodiy viloyatlaridagi turli etnik qatlamlarning hayot tarzi, ular uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdan boshladik. Aytish mumkinki, barchasi bizda katta taassurot qoldirdi. Xususan, mamlakatingizda 7 tilda taʼlim olib borilayotgani, turli millat va elat vakillarining davlat boshqaruvi va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki eʼtirofga loyiq. Tashrif davomidagi uchrashuvlar bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, bagʻrikenglik tamoyillarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonamiz.
Oliy komissar boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Tashqi ishlar vazirligida ham muzokaralar oʻtkazdi.