Faol siyosiy muloqotlarning izchil davomi

0
78
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 14 aprel kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Oliy martabali mehmon 15 aprel kuni Koʻksaroyda rasmiy kutib olindi. 

Ushbu marosimdan soʻng davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv oʻtkazdi. 

Prezidentimiz Qozogʻiston rahbarini Oʻzbekistonga tashrifi bilan qutlab, bu keyingi yillarda ancha faollashgan siyosiy muloqotlarning izchil davomi ekanini taʼkidladi.

– Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti sifatida ilk davlat tashrifingizni Oʻzbekistonga amalga oshirganingizni yuqori baholaymiz. Buni mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qatʼiy intilish ifodasi deb bilamiz. Qozogʻiston biz uchun yaqin qoʻshni, strategik sherik. Hamkorligimizning barcha yoʻnalishlari boʻyicha ijobiy dinamikaga erishilayotganidan mamnunmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qozogʻiston Prezidenti Oʻzbekistonga taklif uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, muzokaralar samarali oʻtishiga ishonishini qayd etdi.

– Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik sifati va amaliy mazmuni haqidagi gaplaringizga toʻla qoʻshilaman. Siz, hurmatli Shavkat Miromonovich, va Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev davlatlararo munosabatlarni yuqori bosqichga olib chiqdingiz. Bu surʼatni saqlab qolishni oʻzimning asosiy vazifam deb bilaman. Qozogʻistonda qardosh Oʻzbekiston bilan aloqalarga talab juda katta, – dedi Qasim-Jomart Toqayev.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo, transport, sanoat kooperatsiyasi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Oʻzbekiston va Qozogʻiston BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Qozogʻiston mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT shafeligida tashkil etilgan Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatini qoʻllab-quvvatladi.  

Mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etishga koʻmaklashish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.  

Muloqotda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar boʻyicha tomonlarning pozitsiyalari mos yoki yaqin ekani yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.