“Faol tadbirkor” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida

0
126
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash, respublikaning eksport salohiyatini oshirishiva innovatsiyalar joriy qilishda oʻzining munosib hissasini qoʻshayotgan biznes vakillarini ragʻbatlantirish, shuningdek, 2021 yil 20 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.

2. Belgilansinki:

“Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ish oʻrinlarini yaratish, innovatsiyalar joriy qilish, soliqlarni oʻz vaqtida toʻlash, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish, yetuk mutaxassislar tayyorlash hamda biznesdagi muvaffaqiyatlari va ijtimoiy faolligi bilan barchaga namuna boʻlayotgan tadbirkorlar taqdirlanadi;

“Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni har yili 20 avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi;

“Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar haqida har yili “Yilning ilgʻor tadbirkorlari” kitobi chop etib boriladi.

3. Quyidagilar:

“Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

“Faol tadbirkor” koʻkrak nishonining tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Vazirlar Mahkamasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda:

“Faol tadbirkor” koʻkrak nishonlari va ularning guvohnomalari belgilangan tartibda tayyorlanishini;

“Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar haqida har yili “Yilning ilgʻor tadbirkorlari” kitobi chop etib borilishini taʼminlasin.

5. Moliya vazirligi har yili “Faol tadbirkor” koʻkrak nishonini berish, uni tayyorlash hamda “Yilning ilgʻor tadbirkorlari” kitobini chop etish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar uchun Savdo-sanoat palatasining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan tegishli mablagʻlarni ajratish choralarini koʻrsin.

6. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga bagʻishlangan tadbirlarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                              Sh. Mirziyoyev

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.