Yoshlar kuni arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qaroriga muvofiq, azmu shijoati, bilim va salohiyati bilan mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan bir guruh faol yoshlar «Kelajak bunyodkori» medali hamda «Mard oʻgʻlon» davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
28 iyun kuni Koʻksaroyda ana shu mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida yigit-qizlarni Yoshlar kuni bilan tabriklab, mehru eʼtiborini izhor qildi.
– Mamlakatimiz yoshlarining yutuqlari, maqsad va rejalari bilan yaqindan tanishib, beqiyos kuch va ilhom olaman. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha qanday katta imkoniyatlarga ega ekanimizni his etib, xursand boʻlaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugun hayotning har bir jabhasida – davlat boshqaruvida, iqtisodiyotda, ilm va taʼlimda, sportu madaniyatda yoshlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oliy Majlis palatalari qoshida Yoshlar Parlamentlari ish olib bormoqda. Yurtimizdagi har bir tashkilotda yoshlar ishlari boʻyicha maslahatchi faoliyat koʻrsatmoqda.
Davlat va jamiyat zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallagan, jismoniy va maʼnaviy yetuk yoshlar bilan qudratli. Shu bois taʼlim tizimi tubdan rivojlantirilmoqda. Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar, oliy oʻquv yurtlari yetuk kadrlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. IT-park, kreativ park va texnoparklarda, madaniyat va sport maskanlarida oʻgʻil-qizlar sevimli mashgʻulotlari bilan shugʻullanib, qobiliyatini charxlamoqda.
Bu sharoitlardan unumli foydalangan yoshlar ilm-fan, sport, madaniyat, sanʼat va boshqa sohalarda katta-katta yutuqlarga erishib, Yangi Oʻzbekistonni jahonga tarannum etmoqda.
Birgina oʻtgan oʻquv yilida 55 nafar oʻquvchimiz matematika, kimyo, biologiya, fizika va informatika boʻyicha nufuzli xalqaro olimpiadalarda 8 ta oltin, 15 ta kumush, 32 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgan.
Madaniyat va sanʼat boʻyicha nufuzli xalqaro tanlovlarda esa yoshlarimizdan 383 nafari bosh sovrinni, 1 ming 400 ga yaqini 1-oʻrinni egallagan.
Oxirgi 2 yilda sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 900 tadan ziyod oltin, 550 dan ortiq kumush, 731 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdi. Yaqinda Qatarda oʻtgan futbol boʻyicha Osiyo kubogida terma jamoamiz Oʻzbekiston tarixida ilk bor Olimpiya yoʻllanmasini olishga muvaffaq boʻldi.
– Sizlar mana shunday natijalaringiz bilan yangi tarix yaratyapsizlar. Ishonchim komil, xalqimiz qoʻlga kiritayotgan ulkan yutuqlar bilan birga, bu natijalar Yangi Oʻzbekiston tarixiga, Uchinchi Renessans tarixiga aylanadi, – deya taʼkidladi Prezident.
Davlatimizning yoshlarga oid siyosati xalqaro miqyosda tan olinmoqda. Masalan, oʻtgan yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga koʻra, Oʻzbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb eʼtirof etildi. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni davlat va jamiyat boshqaruviga, muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga keng jalb etish boʻyicha 60 dan ziyod tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan maʼqullandi.
Shu kunlarda azim Samarqand shahrida Butunjahon yoshlar festivali boʻlib oʻtmoqda. Bu ham xalqaro eʼtirofning yana bir ifodasi ekani taʼkidlandi.
Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarga davlat mukofotlarini topshirdi.
– Bugungi yutuqlaringiz – uzoq yoʻlning boshlanishi. Davlat sharoit yaratishi, kimdur yordam berishi mumkin. Lekin kelajagingiz faqat oʻz qoʻlingizda. Bu yoʻlda barcha yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlab, orzu-intilishlarida muvaffaqiyatlar tilayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mukofotlanganlar yuksak ishonch va eʼtibor, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi, oʻqish va ishlarida yanada katta natijalarga erishib, xalqimiz ishonchini oqlashini taʼkidlashdi.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ziyolilar, ota-onalar ishtirok etdi.