Fargʻonada Lola Murotova nomidagi kasb-hunar maktabi ochildi

0
41
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fargʻonaga tashrifi chogʻida Lola Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabi ochildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Lola Murotova Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibasi boʻlgan. Butun umrini shu sohaga bagʻishlab, katta muvaffaqiyat va hurmat qozongan.

Bu boy tajribani yoshlarga yetkazish, qishloq xoʻjaligida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash maqsadida ushbu taʼlim dargohi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Kasb-hunar maktabi 480 oʻringa moʻljallangan boʻlib, unda boshlangʻich professional taʼlim bosqichida kadrlar tayyorlanadi. Oʻttizdan ortiq auditoriyalar, yettita laboratoriya, kompyuter xonalari, faollar zali va muzey barpo etilgan. Shuningdek, 150 oʻrinli turar joy, sport zali, mini-futbol maydonchasi, ustaxona, issiqxona va mashgʻulotlar uchun avtodrom oʻquvchilar ixtiyorida boʻladi. 

Muassasaga umumtaʼlim maktablarining 9-sinfini bitirganlar oʻqishga qabul qilinadi. Oʻquv jarayoni boshlangʻich professional taʼlim dasturlari asosida, amaliyot bilan bogʻliq holda olib boriladi. 

Shavkat Mirziyoyev Lola Murotovaning koʻp yillik mehnati, insoniy fazilatlarini yodga oldi. 

Lola opa oʻzbek ayolining nimalarga qodirligini koʻrsatdi, shu bilan birga, juda kamtar va soddadil edi. Fidokorligi, mehnatsevarligi bilan yurtimiz rivoji va obodligiga katta hissa qoʻshgan edi. Bu jihatlar yoshlarga oʻrnak boʻlishi, ular kasbni yaxshi oʻrganishi kerak, — dedi davlatimiz rahbari.

Maktabda “Germaniya tajribasi” asosida oʻquvchilarni qishloq xoʻjaligi sohasida tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish joriy etiladi. Taʼlim jarayonini sifatli tashkil etish, metodik yordam koʻrsatish uchun maktab Fargʻona davlat universitetiga biriktirildi. Shuningdek, muassasada “Fermerlar maktabi”ni ham tashkil etish koʻzda tutilgan. Unda buyurtmachilar mablagʻlari hisobidan fermerlar malaka oshirish kurslari yoʻlga qoʻyiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.