Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoʻqon universitetida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan ushbu taʼlim maskani 6 ming 400 oʻringa moʻljallangan. Oʻquv binolari, 500 oʻrinli 2 ta talabalar turar joyi hamda axborot-kutubxona markazida yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Talabalarga 233 nafar professor-oʻqituvchi saboq bermoqda.
Bu yerda xorijiy universitetlar bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, 80 ga yaqin xorijiy universitet bilan shartnomalar imzolangan. Universitet Turkiy tilli davlatlar universitetlari kengashi aʼzosi. Oʻtgan oʻquv yilida Kengashning taʼlim grantlari asosida 22 nafar oʻqituvchi Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻistonda malaka oshirib qaytdi. 15 nafar xorijlik oʻqituvchi esa Qoʻqon universitetida malaka oshirdi.
Hududda olti qavatli, ikki ming oʻringa moʻljallangan yangi oʻquv binosi qurilmoqda. Bu yerda oʻquv xonalari, fan laboratoriyalari, tipografiya joylashadi. Shuningdek, ikki qavatli “Yoshlar IT akademiyasi” barpo etilmoqda. Ularni shu yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
2022 yilda universitetning turizm fakulteti uchun ming oʻrinli yangi bino barpo etilgan.
Davlatimiz rahbari milliy uslubdagi ushbu majmuani koʻzdan kechirdi. Xorijdan professorlarni taklif etib, dual taʼlim tizimini keng qoʻllash, turizm tashkilotlari buyurtmasi asosida talabalarni maqsadli tayyorlash zarurligi taʼkidlandi. Bu sohada yetuk nazariy va amaliy bilimlarga ega kadrlar ishlashini taʼminlaydi.
Shu yerda Fargʻona turizm halqasini yaratishga oid konsepsiya taqdimot qilindi.
Oʻtgan yili Fargʻonaga 430 ming xorijiy turist kelgan. Lekin viloyatning tarixi, soʻlim tabiatiga nisbatan qaralsa, bu kam.
Fargʻona turizm halqasidan maqsad xorijiy va mahalliy turistlarning viloyatda qolish muddatini 3 kundan 7 kungacha uzaytirish, tashrif obyektlari sonini 2 barobar oshirishdir. Buning uchun Fargʻona, Oltiariq, Quva, Uchkoʻprik tumanlaridagi diqqatga sazovor joylar turizm yoʻnalishlariga kiritiladi. Umuman, halqada 577 ta maskan boʻladi, 50 dan ortiq savdo-xizmat turlari taqdim etiladi.
Prezidentimiz universitet yonidagi Tepaqoʻrgʻon arxeologiya yodgorligini ham koʻzdan kechirdi.
Yodgorlik shahar yoshini aniqlagani hamda qadimgi oʻrda oʻrnida joylashgani bilan ahamiyatlidir. Yaʼni bu yer Qoʻqon shahrining eng qadimiy asosidir.
Xoʻqand milodiy era boshlarida nafaqat yirik shahar, balki kichik davlat poytaxti boʻlgan. U haqda koʻplab tarixiy manbalarda yozilgan. Qoʻrgʻon xarobaga aylangach, uzoq yillar davomida qabriston boʻlgan. Bu yerda koʻplab alloma, adib va mudarrislar dafn etilgan.
Ushbu yodgorlik 2019 yilda moddiy madaniy meros obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan. 2022 yilda olib borilgan arxeologik qazuv ishlari natijasida yodgorlik arkining tuzilishi aniqlangan.
Davlatimiz rahbari mazkur arxeologik yodgorlikni rekonstruksiya va konservatsiya qilib, «ochiq osmon ostidagi muzey»ga aylantirish tashabbusini bildirdi.
— Ziyorat oʻzi xayrli ish. Lekin millat tarixini ziyorat qilish yanada ulugʻ neʼmat. Bu yerda ana shunday sharoit yaratish kerak. Bu odamlarga, ayniqsa, yoshlarimizga ham bilim, ham gʻurur beradi. Qoʻrgʻon haqida chet ellardagi manbalarni oʻrganib, maʼlumotlarni boyitib borish ham zarur, — dedi Prezident.