Farmatsevtika klasterida logistika markazi ochildi

0
15
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Grand Pharm Logistics Hub” faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ushbu logistika markazi “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasteri hududida oʻn gektar maydonda joylashgan. Loyihaning umumiy qiymati 40 million dollar boʻlib, uch qavatli maʼmuriy bino, omborlar, mehmonxona, oshxona va yotoqxona qurilgan. 300 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan.

Mahsulotlarni saqlash joyi 50 ming kvadrat metr. Bu yerda katta hajmdagi farmatsevtika mahsulotlarini xalqaro standartlar asosida qabul qilish, saqlash va tarqatish imkoniyati mavjud. Bu bosqichlar toʻliq raqamlashtirilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu jarayonlarni koʻzdan kechirdi.

Logistika markazi “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteridagi boshqa ishlab chiqaruvchilarga ham qoʻl keladi. Mahsulotlarni saqlash va eksport qilishlarida xalqaro “SAP” tizimi orqali amaliy yordam beriladi. Buning uchun dori vositalari sifatini taʼminlash boʻyicha “GDP” va “GSP” sertifikatlari hamda bojxona ombori, xalqaro yuklarni tashish uchun litsenziyalar mavjud.  

Bu boradagi talablarni taʼminlash uchun xalqaro standartlarga muvofiq havoni sovutish tizimlari oʻrnatilgan. Yuklarni ortish paytida ham harorat moʻtadilligi taʼminlanadi. Yigirmadan ortiq yuk mashinalarida tashish xizmatlari ham koʻrsatiladi. Majmuada bunday transportlar uchun turargoh va texnik xizmat ham tashkil etilgan.

Bugungi kunda Rossiya, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Germaniya, Polsha, Fransiya, Vengriya, Ruminiya va Turkiya kabi davlatlar bilan logistik aloqalar oʻrnatilgan. Bu geografiya yildan yilga kengayib bormoqda.

Mutasaddilarga mahsulotlarni saqlash va rasmiylashtirishda qulayliklarni oshirish, tannarxni kamaytirib, dorilarni arzonlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Kompaniya farmatsevtika bozorini muntazam oʻrganib, tibbiyot sohasidagi ehtiyojlarni ham tahlil qilib boradi. Natijada yetkazib berish yoʻnalishi koʻlami kengayib bormoqda. Ushbu korxona mamlakatimiz hududi boʻylab 7 ming 500 dan ortiq dorixonaga tovarlar yetkazib beradi. Shuningdek, onlayn dorixona xizmati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu boradagi hamkorlar soni ham ortmoqda.

Bu yerda “GPH Academy” loyihasi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, qator oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilinmoqda. Uchta taʼlim dargohida amaliy mashgʻulot xonalari tashkil etildi. Uch ming nafar farmatsevt malaka oshirish kurslaridan oʻtdi. Oʻttiz nafarga yaqin talaba ushbu loyihaning stipendiya va grantlariga ega boʻldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.