Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasterida farmatsevtika sohasidagi korxonalar rahbarlari bilan muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ham iqtisodiy, ham ijtimoiy ahamiyatga ega bu sohaga davlat tomonidan keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Oxirgi yetti yilda farmatsevtikada ishlab chiqarish 2 karra oshgan. Eksport 11 barobar koʻpaygan. 750 million dollar investitsiya oʻzlashtirilib, korxonalar soni 3 barobar oʻsgan.
Yurtimizda 3,5 ming turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarilayapti. Lekin bu talabni toʻla qoplamaydi.
Shu bois davlatimiz rahbari koʻp turdagi dorilarni mahalliylashtirish va eksportni kengaytirish boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Asaka bank va Farmatsevtika agentliga yirik mahalliy korxonalar bilan birga 2025 yilda keng isteʼmol qilinadigan 200 turdagi dori vositalarini oʻzlashtirish hamda ishlab chiqarishni 2 barobar oshirish boʻyicha dastur tayyorlash topshirildi. Bunday loyihalarga xorijdan jalb qilingan 400 million dollar qulay shartlarda yoʻnaltiriladi.
Endi farmatsevtika tarmogʻida Ilgʻor loyihalar investitsiya jamgʻarmasi tashkil qilinadi. Bu jamgʻarma biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yoʻnalishlardagi loyihalarga ulush bilan kiradi, ularga katalizator boʻladi.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan Asakabankka sohani rivojlantirish uchun 100 million dollar kredit liniyasi ochilgan. Endi bu malagʻ lizing uchun ham beriladi.
Asaka bank tomonidan farmatsevtika sohasida yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni moliyalashtirish uchun 10 million dollarlik venchur kompaniya ochiladi. Startap loyiha chetdan qancha mablagʻ jalb qilsa, mazkur kompaniya shuncha pulni qoʻshimcha ekspertizasiz beradi.
Yangi ishlanmalar uchun Innovatsiya jamgʻarmasidan 20 milliard soʻm grant ajratiladi. Bu olimlar yaratayotgan yangi mahalliy dori ishlanmalarini tijorat loyihasiga aylantirish va startaplar uchun yoʻnaltiriladi.
Mahalliy farmatsevtika korxonalariga 2025 yil 1 yanvargacha berilgan bojxona imtiyozlari muddati yana 3 yilga uzaytiriladi.
Mamlakatimiz korxonalari yetakchi xorijiy farmatsevtika kompaniyalari texnologiyasi va retsepti asosida dorilar chiqarishga tayyor. Lekin bunday kooperatsiya uchun huquqiy asos yaratilmagani sababli har bir dorini yangi mahsulot kabi klinik tadqiqot va roʻyxatdan oʻtkazishga toʻgʻri kelayapti. Bunga koʻp vaqt ketadi. Shu bois bu tartibni soddalashtirish muhimligi aytildi.
Tadbirkorlarning eksport bozorlarini kengaytirish uchun AQSHning Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA) hamda Yevropa tibbiyot agentligi sertifikatlarini olish xarajatlari byudjetdan qoplab beriladi.
Yurtimizda oʻsimliklarni sanoat usulida yetishtirib, qayta ishlash orqali substansiya va kosmetik komponent olish rivojlanayapti. Shunga muvofiq, Asaka bank ishtirokida kelgusi yilda har biri 5 gektardan boʻlgan dorivor oʻsimliklar plantatsiyasi barpo etilib, ularni qayta ishlash boʻyicha 5 ta namunaviy loyiha bajariladi.
Umuman, farmatsevtikada 1 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilishi belgilandi. Ular talab yuqori dori vositalarini chet elnikidek sifatda ishlab chiqarib, bozorda raqobat yaratib, narxlarni arzonlashtirishga qaratilgan.
Muloqotda soha vakillari ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahsulotlar sifati va eksportini oshirish, ilm va taʼlimni ragʻbatlantirish boʻyicha fikr-mulohazalarini bildirdi.