Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 fevral kuni farmatsevtika sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar natijadorligini tahlil qilish, istiqboldagi dolzarb vazifalarni belgilashga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholini sifatli va arzon dori vositalari bilan taʼminlash Prezidentimizning doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Oʻtgan yili bu masalalarga bagʻishlab bir necha yigʻilish oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari mamlakatimiz hududlariga tashrifi chogʻida sohadagi ahvol bilan bevosita tanishdi. Tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirishga qaratilgan 30 ga yaqin farmon va qaror qabul qilindi.
Aholi va sogʻliqni saqlash muassasalarini arzon dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashni yaxshilashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Prezidentimizning 2017 yil 7 noyabrdagi “Farmatsevtika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Shu kabi tizimli ishlar oʻz samarasini bermoqda. 2017 yili 1,6 milliard shartli qadoqda dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarildi. Bu 2016 yilga nisbatan 34 foiz koʻpdir.
Shuningdek, oʻtgan yili sohada 71 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlanib, shundan 148 million dollarlik 33 ta obyekt ishga tushirildi. 76 nomdagi yangi mahsulot oʻzlashtirildi.
Yigʻilishda sohadagi ishlar tanqidiy tahlil qilinib, belgilangan vazifalar ijrosi qoniqarli emasligi taʼkidlandi.
Farmatsevtika korxonalarining aksariyatida zamonaviy texnologiyalar umuman qoʻllanilmaydi, dori substansiyalari ishlab chiqarishga umuman eʼtibor yoʻq, dedi Shavkat Mirziyoyev. Korxonalar toʻliq siklda mahsulot ishlab chiqarishga oʻtish oʻrniga, hali ham asosan xorijdan tayyor mahsulotlarni olib kelib, qadoqlash bilan shugʻullanayapti.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, mavjud 94 ta korxonadan 12 tasigina mahsulotining boshqa davlatlarda tan olinishini taʼminlaydigan GMP — “yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti” xalqaro sertifikatiga ega. Buni kengaytirish boʻyicha tarmoq rahbariyatida tashabbus yetishmayapti. Oddiy misol, yillar davomida qizilmiya ildizini chuqur qayta ishlashga umuman eʼtibor berilmagan. Oʻtgan yil oxirida Qoraqalpogʻistonga tashrif davomida topshiriq berilganidan keyingina Qizilmiya yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar uyushmasi tuzildi.
Bu masalani alohida nazoratga olish kerakligi, hamma faqat yovvoyi qizilmiya ildizini yigʻish bilan shugʻullanmasdan, plantatsiyalarni tashkil etish va ildizni chuqur qayta ishlab, dori substansiyalari va vositalari ishlab chiqarishga oʻtish zarurligi qayd etildi.
Sohadagi aksariyat korxonalar murakkab boʻlmagan, oddiy formulali dori vositalari ishlab chiqarish bilan cheklanayotgani tanqid qilindi. Negaki, 2017 yilda sohada ishlab chiqarishning fizik hajmi 34 foiz oshgani holda qiymat jihatdan 16 foizga koʻpaygan, xolos.
Mahalliy korxonalarga import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish uchun yillar davomida qator imtiyozlar berilgan boʻlsa-da, ichki bozordagi talabning 74 foizi import hisobiga qondirilmoqda.
Import qilinayotgan 6 ming 824 nomdagi xorijiy dori vositasining yarmidan koʻpini mamlakatimizda ishlab chiqarish mumkin. Lekin hozirda 27 foizi ishlab chiqariladi, xolos. Onkologiya, ginekologiya, stomatologiyada ishlatiladigan dorilar toʻliq import qilinmoqda.
Davlat tibbiyot muassasalarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash ahvoli ham qoniqarsizligicha qolmoqda. Aholi bu islohotlardan kutilgan natijalarni hali umuman sezayotgani yoʻq. Buni ommaviy axborot vositalarida biron-bir ijobiy munosabat bildirilmayotganidan ham bilsa boʻladi, dedi Prezidentimiz.
Yigʻilishda davlat tomonidan barcha imkoniyatlar yaratilganiga qaramay, bu boradagi ishlarni tashkil etish sust kechayotgani, ayrim muammolar hamon saqlanib qolayotgani tanqid ostiga olindi.
Xususan, dori vositalariga ehtiyojni aniqlash tizimi va mavjud ehtiyoj boʻyicha aniq maʼlumotlar bazasi yaratilmagan. Joriy yilda mingta ijtimoiy dorixona tashkil etish boʻyicha hali natijali ish qilinmagan.
Farmatsevtika yoʻnalishida 7 ta erkin iqtisodiy zonani tashkil etish boʻyicha farmon qabul qilinganiga 9 oydan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, hali birontasining hududida ish boshlanmagan. Ularning bosh rejalari tasdiqlanmagan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilmagan.
Farmatsevtika sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining roli umuman sezilmaydi. Bugungi kunda ular tomonidan oʻsimlik xomashyosidan atigi 16 nomdagi 1,6 tonna dori substansiyasi ishlab chiqariladi, xolos. Bundan tashqari, sohada zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni samarali ishlata oladigan kadrlar yetishmaydi.
Prezidentimiz bu muammolarni chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etish boʻyicha istiqboldagi muhim vazifalarni belgilab berdi.
Dori substansiyalari ishlab chiqarishni keskin koʻpaytirish va toʻliq siklli ishlab chiqarishni kengaytirish, sohada xalqaro standartlar va yangi innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Mamlakatimiz ichki bozorida dori-darmonlar narxlarining barqarorligini taʼminlash, ularning sunʼiy qimmatlashuvining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish vazifasi qoʻyildi.
Farmatsevtikaga ixtisoslashgan erkin iqtisodiy zonalarning bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash, ushbu zonalarni barcha zarur kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Sohada yaratilayotgan ishlanmalarni amaliyotga joriy etishni jadallashtirish maqsadida Toshkent farmatsevtika institutida oʻquv-ilmiy laboratoriya va tajriba-ishlab chiqarish kompleksini tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Yigʻilishda farmatsevtikaning tor yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarni tayyorlash, soha xodimlarini xorijiy farmatsevtika korxonalarida malaka oshirishini tashkil etish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.