Farmatsevtika sohasini tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi

0
61
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasini tartibga solish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan taʼminlash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Dunyoda farmatsevtika sanoati kengayib bormoqda, dori-darmonlarning yangicha turlari va tarkiblari paydo boʻlmoqda. Bu ularning sifatini doimiy nazorat qilish, nojoʻya taʼsirlarini aniqlash va tahlil etish zaruratini tugʻdirdi.

Shu bois 23 yanvar kuni “Farmatsevtika sohasini tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident farmoni qabul qilindi.

Unga koʻra, dorilar va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi hamda sotuvchi tashkilotlar bu mahsulotlarning sifati va xavfsizligi uchun ham masʼul etib belgilandi. Shundan kelib chiqib, ularga nisbatan davlat nazoratini amalga oshirishning alohida qoidalari oʻrnatiladi.

Dori vositalari isteʼmoli bilan bogʻliq xavflarni tezkor aniqlash va chora koʻrishga qaratilgan tizim tashkil etiladi. Buning uchun “Zarur farmakologik nazorat amaliyoti – GVP” standarti joriy etilib, Sogʻliqni saqlash vazirligida dorilarning nojoʻya taʼsiri toʻgʻrisida elektron baza shakllantiriladi. Bu haqdagi maʼlumotlarni tibbiyot xodimlari va aholiga tezkor yetkazish yoʻlga qoʻyiladi.

Dorilar va tibbiy buyumlarni saqlovchi bojxona va erkin omborlar bosqichma-bosqich “Zarur saqlash amaliyoti – GSP” qoidalari talablariga muvofiqlashtiriladi. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi huzuridagi Zarur amaliyotlar markazi davlat korxonasi sifatida qayta tashkil etiladi.

Teleradiokanallar orqali dorilar va biologik faol qoʻshimchalarni reklama qilish Sogʻliqni saqlash vazirligida tashkil etiladigan maxsus kengashning xulosasi asosida mumkin boʻladi.

Davlatimiz rahbari bu tarmoqning aholi salomatligi va iqtisodiyotdagi ahamiyatini taʼkidlab, farmon ijrosini samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.