Farmatsevtika tarmogʻidagi koʻrsatkichlar tahlil qilinib, qoʻshimcha vazifalar belgilandi

0
148
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 aprel kuni farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Joriy yil 21 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-2026 yillarda farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid farmoni qabul qilingan edi. Unga koʻra, mahalliy dori vositalari ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshirish, ichki bozorni taʼminlash darajasini natural hajmda 80 foizga yetkazish vazifasi qoʻyilgan.

Yigʻilishda shu borada boshlangan ishlar, tarmoqdagi loyihalar holati tanqidiy tahlil qilindi.

Mamlakatimizda yiliga 1 milliard 600 million dollarlik farmatsevtika mahsulotlari isteʼmol qilinadi. Shundan katta qismi – qariyb 1 milliard 200 million dollarlik mahsulotlar import qilinmoqda.

Hududlar kesimida olganda, mahalliylashtirish darajasi mutlaqo qoniqarsiz. Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Fargʻona viloyatlarida isteʼmol qilinadigan dorining atigi 2-5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga toʻgʻri keladi.

Shu bois, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligida loyihalar bilan ishlash tizimini yangidan qilish vazifasi qoʻyildi. Dori vositalariga talabni oʻrganib, ularni mahalliylashtirish chora-tadbirlari belgilandi.

Xususan, joriy yilning oʻzida 80 million dollarlik 34 ta loyiha rejalashtirilgan. Mutasaddilarga bu borada tadbirkorlarga koʻmaklashib, loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Yirik xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar oʻtkazib, ularning brendlarni jalb qilish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Investitsiyalar loyiha markazi tomonidan yana 18 ta istiqbolli loyiha ishlab chiqilgan. Davlatimiz rahbari ularni Hindiston, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlar kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berdi. Yangi loyihalarni moliyalashtirish hamda aylanma mablagʻlar uchun 200 million dollar kredit resurslari jalb qilinadigan boʻldi.

Tarmoqdagi eksport masalasi muhokama qilinar ekan, uning katta qismi Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan boʻlayotgani, qolgan hududlarda bu koʻrsatkich anchada past ekani koʻrsatib oʻtildi. Yangi loyihalar natijasida farmatsevtika mahsulotlari eksportini keskin oshirish mumkinligi qayd etildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Moliya vazirligiga yurtimizda talab yuqori boʻlgan 120 turdagi dori vositalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 3 yil muddatga kafolatli xarid qilish boʻyicha koʻrsatma berildi. Bunda, ayniqsa, onkologiya, gematologiya, endokrinologiya va virusli kasalliklar uchun dorilar narxini arzonlashtirish kerakligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bugungi kungacha dori va tibbiy vositalar ishlab chiqarish uchun qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan xomashyolar roʻyxati beshta idora tomonidan tasdiqlanar edi. Endilikda bu roʻyxat uchta – Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Bojxona qoʻmitasi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan tasdiqlanishi belgilandi.

Shuningdek, endi mahalliy korxonalarning “GMP” sertifikatini olish bilan bogʻliq xarajatlari Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi. Korxonalarni modernizatsiya qilishni moliyalashtirish Toʻgʻridan-toʻgʻridan investitsiyalar jamgʻarmasi ishtirokida amalga oshiriladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyat hokimlariga 80 ta tumanni dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga moslashtirib, plantatsiyalar tashkil etish topshirildi.

Bu tajribani kengaytirishda kooperatsiya va oilaviy tadbirkorlik uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va moliyalashtirish tartiblari tatbiq etiladi.

Qayd etilganidek, dorivor oʻsimliklarni qayta ishlaydigan korxonalar 2025 yil 1 yanvarga qadar uskuna va ehtiyot qismlar, xomashyo importida bojxona bojidan ozod qilinadi. Ularga tayyor mahsulotlar eksporti uchun transport xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi, har 10 gektar plantatsiyalarga suv chiqarish uchun 600 ming soʻmdan subsidiya ajratiladi, dorivor oʻsimliklar plantatsiyalariga boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Davlatimiz rahbari dorivor oʻsimliklar klasterlari tashkil etish, hududlardagi oliy taʼlim muassasalarida farmatsevtika boʻyicha fakultetlar ochish takliflarini qoʻllab-quvvatladi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar, sohadagi yetakchi korxonalar rahbarlari va dorivor oʻsimlik yetishtiruvchi tadbirkorlar soʻzga chiqdi. Prezidentimiz ularning taklif va tashabbuslarini amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.