Poytaxtimizda1-2 fevral kunlari «Devis Kubogi» pley-off bosqichi doirasida Oʻzbekiston hamda Serbiya terma jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv boʻlib oʻtadi. Mazkur bahs oldidan bugun «Sahovat sport servis» sport majmuasida terma jamoa sardorlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil qilindi.
Tadbirning birinchi qismida mamlakatimiz terma jamoasi sardori Farrux Doʻstov OAV xodimlari savollariga javob qaytardi. Farrux Doʻstov bolaligidan tennisga mehr qoʻydi. Dastlabki gʻalaba naʼshidalarini «Sogʻlom avlod uchun» xalqaro xayriya jamgʻarmasi tashkil etgan tennis musobaqalarida qalbga tuydi. Bolaligidan bellashuvlarda ishtirok etib, asta-sekin katta maydonga kirib keldi. Koʻplab jahon chempionatlarida yurtimiz bayrogʻini yuqori koʻtardi.
-Terma jamoa sardorligi men uchun kutilmagan holat boʻldi. Bunday masʼuliyat menga ishonib topshirilganidan xursandman. Ishonchni oqlashga harakat qilaman. Ayni kunda jamoa bilan uchrashuvga tayyorgarlik koʻrmoqdamiz, — dedi jamoa sardori. — Serbiya jahondagi kuchli terma jamoalardan biri hisoblanadi. Ular safida dunyo reytingida kuchli yuzlikka kiruvchi uch nafar tennischi bor. Dushan Layovich asosan qumli kortlarda yaxshi oʻyin koʻrsata oladigan tennischi hisoblanadi. Qolaversa, Troitski ham kuchli va tajribali sportchidir. Ular kuchli tarkib bilan Toshkentga kelishgan. Serbiyaliklarga oʻn yil oldin toʻqnash kelgandik. Oʻshanda men Viktor Troitskiga qarshi uzoq oʻyin oʻtkazgandim. 5 setlik asabiy uchrashuv boʻlgandi. Denis esa Tipsarevichga qarshi bahs yuritgandi. Juftlikda ham imkoniyatni boy bergandik. Bu endi oʻtmishda qoldi. Bugungi Oʻzbekiston terma jamoasi koʻpgina bellashuvlarda tajriba toʻplagan. Bu safar faqat va faqat gʻalaba uchun kortga chiqamiz. Biz oʻz maydonimizda, oʻz vatanimizda uchrashuv oʻtkazayotganimiz uchun yigitlarda gʻalabaga ishonch yuqori, muxlislarning qoʻllab-quvvatlashlari, ruhlantirishlari ham biz uchun juda muhim.
J. SADULLAYEV