Farxobdek Sobirov eng yosh atletlardan biri

0
147
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabariga koʻra, AQSHning Anaxaym shahrida davom etayotgan ogʻir atletika boʻyicha jahon chempionatida 4 dekabr kuni terma jamoamiz aʼzosi Farxodbek Sobirov dast koʻtarish mashqida dunyoning eng kuchli atletlari qatoriga kirib, kumush medalini qoʻlga kiritgandi. Farxodbek dastlabki urinishida 175 kg. toshga buyurtma berib, uni ortiqcha qiyinchiliksiz koʻtara oldi. 
 
Yosh atletimiz keyingi urinishlarda 177 va 183 kg. ogʻirlikdagi toshlarni ham oʻziga boʻysundirib yakunda oʻz vazn toifasida ikkinchi oʻrinni egalladi. Ushbu vazn toifasida oltin medal eronlik Sohrab Moradiga nasib etdi. U Farxodni bor yoʻgʻi 1 kilogrammga ortda qoldira oldi. Bronza medaliga esa litvalik sportchi Aurimas Didzbalis ega chiqdi. Uning qayd etgan natijasi 176 kg. boʻldi. 
 
Eʼtiborli tomoni, Farxobdek Sobirov ushbu vazn toifasida ishtirok etgan eng yosh atletlardan biri edi. Ammo shunga qaramay u 20 yoshida kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatida oltinga teng boʻlgan kumush medalini qoʻlga kirita oldi. Nasib qilsa Tokio 2020 Olimpiya oʻyinlarida Sobirov oʻzining eng navqiron yoshida boʻladi. Demak, kunchiqar yurtda tashkil etiladigan yozgi Olimpiya oʻyinlarida Farxodbek Sobirovdan ham umidlarimiz katta boʻladi. 
 
Maʼlumot uchun, Farxodbek Sobirov shu kunga qadar yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatlarida ikki marta gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. 2016 yili Gruziya poytaxti Tbilisi va 2017 yilda boʻlajak Olimpiya oʻyinlari mezboni Tokioda hamyurtimiz sharafiga madhiyamiz yangrab, muzaffar bayrogʻimiz sarbaland koʻtarilgandi. AQSHdagi nufuzli musobaqada qoʻlga kiritilgan kumush esa Farxobdek uchun kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatidagi ilk sovrin boʻlib qoladi.
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.