Jonajon Vatanimizning barcha hududlarida 9 may – Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk Gʻalabaning 73 yilligi keng nishonlandi.
Azim poytaxtimizda, barcha viloyat va tumanlarda el-yurtimiz Xotira maydonlarini ziyorat qilib, urushda halok boʻlgan vatandoshlarimiz yod etildi. Muhtaram faxriylarimiz bilan samimiy uchrashuvlar oʻtkazilib, ularga mukofotlar, esdalik sovgʻalari topshirildi.
“Fashizmga qarshi kurashda halok boʻlgan vatandoshlarimizning soʻnmas xotiralarini yod etib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish – biz uchun ham qarz, ham farz» shior ostida poytaxtdagi 110 maktab jamoasi ham oʻquvchilar ishtirokida tadbir uyushtirishdi.
Yosh avlodni fashizm balosiga qarshi kurashda jasur ajdodlarimiz koʻrsatgan mardlik va matonatni aslo yodidan chiqarmaslikka undovchi ushbu tadbir ularga tarixiy haqiqatni toʻla etkazishga xizmat qildi, desak arziydi. Chunki, oʻquvchilar faxriylar huzurida oʻsha davrni namoyon qildilar, Farzandlarimizni milliy gʻurur va iftixor ruhida, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, shuningdek, Vatanimiz fidoyilarini qadrlash va eʼzozlashga oʻrgatadigan bunday tadbirlar har qanday insonning qalbini ezgulikka toʻldirib yuboradi.
Nargiza Saʼdullayeva