Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 oktyabr kuni fond bozorini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Qimmatli qogʻozlar bozori iqtisodiyotdagi boʻsh pul mablagʻlarini jamlash va uni investitsiya jarayonlariga yoʻnaltirishning muhim vositasidir. Bu boradagi islohotlarning dastlabki bosqichi sifatida joriy yil boshida Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tuzildi. Davlat obligatsiyalari fond bozoriga qayta chiqarildi.
Lekin qimmatli qogʻozlar chiqarib, ularni fond bozorida sotish mexanizmidan samarali foydalanilmayapti. Fond bozoridagi aksiyalarning jami qiymati 25 trillion soʻm boʻlib, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 6 foizga ham yetmaydi. Bu koʻrsatkich Singapurda 188 foiz, Malayziyada 112 foiz, Rossiyada 34 foizni tashkil etadi.
Mamlakatimizda joriy yilda chiqarilgan davlat obligatsiyalari valyuta birjasi orqali faqatgina tijorat banklariga sotilgan. Fond bozori professional ishtirokchilari soni yuztagayam bormaydi.
Shu bois 2020-2025 yillarda fond bozorini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Erkin muomaladagi jami qimmatli qogʻozlarning yalpi ichki mahsulotga nisbatini 2025 yil oxirigacha kamida 10-15 foizga yetkazish moʻljallangan.
Yigʻilishda buning uchun amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Bugungi kunda bu soha 100ga yaqin normativ hujjatlar bilan tartibga solinib, koʻplab cheklovlar oʻrnatilgan. Masalan, rivojlangan davlatlarda banklar fond bozorining faol ishtirokchisi hisoblanadi, yurtimizda banklarga boshqa subyektlarning aksiyalarini birlamchi bozorda xarid qilish taqiqlangan.
Davlatimiz rahbari qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqib, ortiqcha cheklovlarni bekor qilish va fond bozorida ishlashni soddalashtirish zarurligini taʼkidladi.
Bugungi kunda 605 ta aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining 85 foizi davlatga tegishli. Shundan 105 ta jamiyatning atigi 5 foiz aksiyalari fond bozorida ishtirok etmoqda.
Jahon amaliyotidan kelib chiqib, kapital bozorida muomalada boʻlgan qimmatli qogʻozlar turlarini koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Qimmatli qogʻozlarga boʻlgan talabni koʻpaytirish, xorijiy birja, brokerlar va banklarni mamlakatimiz fond bozoriga jalb qilish choralari muhokama qilindi. Sugʻurta kompaniyalariga aktivlarining maʼlum foizini fond bozoriga yoʻnaltirish, banklarga birlamchi bozorda yuqori likvidli qimmatli qogʻozlarni xarid qilish uchun ruxsat berish masalalari koʻrib chiqildi.
Investorlar va minoritar aksiyadorlar huquqi himoyasini kuchaytirish, dividendlar toʻlash va undirishni takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi. Bundan tashqari, korporativ boshqaruvni rivojlantirish, xalqaro moliyaviy hisobot va xalqaro audit standartlariga oʻtish boʻyicha topshiriq berildi.
Soha rivoji mutaxassislar malakasi va aholining bu boradagi savodxonligiga ham bogʻliq. Bugungi kunda yurtimizda tegishli malaka guvohnomasiga ega atigi 300 nafar mutaxassis bor. Rivojlangan mamlakatlarda bu sohada minglab kishilar ishlaydi.
Shu bois Kapital bozorini rivojlantirish agentligiga Toshkent moliya institutining tegishli kafedrasini otaliqqa olgan holda, ilgʻor xorijiy muassasalar bilan hamkorlikda kadrlar malakasini oshirish va talabalarni oʻqitish vazifasi qoʻyildi.
Fond bozoridagi oʻzgarishlar haqida koʻproq axborot berib borish, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.