Mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida tungi Samarqand boʻylab sayr qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlat rahbarlari YUNYeSKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Registon majmuasiga tashrif buyurdilar.
Oliy martabali mehmonga ushbu Sharq meʼmorchiligi durdonasining qurilish tarixi, noyob naqshlari, mazkur maskan bilan bogʻliq mashhur voqea va shaxslar xususida soʻzlab berildi.
Fransiya Prezidentining tashrifi Samarqandda oʻtayotgani va aynan Registondan boshlangani bejiz emas. Bu yerda xalqlarimiz oʻrtasidagi tarixiy mushtaraklikni mujassam etgan jihatlar koʻp.
Xususan, Sohibqiron Amir Temur buyuk sarkarda, savdo va ilm-fan homiysi sifatida Osiyo va Yevropada roʻy bergan tarixiy oʻzgarishlarga katta taʼsir koʻrsatgan. XV asrda Parijda uning sharafiga «Yevropaning xaloskoriga» degan yodgorlik qoʻyilgan. Amir Temur va Fransiya qiroli Sharl VI bir-biriga maktublar yuborib, aloqa oʻrnatgan. Yozishmalarda siyosiy masalalar bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy aloqalarga ham katta eʼtibor qaratilgan.
Fransiyada buyuk Sohibqiron va temuriylar haqida koʻplab ilmiy, badiiy asarlar yaratilgan. Jumladan, fransuz mutafakkiri va adibi Volter asarida Mirzo Ulugʻbek, mashhur yozuvchi Jyul Vern romanida Registon mahobati haqida toʻlqinlanib yozilgan.
Bugun Fransiya delegatsiyasi aynan shu maydonda boʻlib turibdi. Tungi chiroqlar bilan yoritilgan majmuaning ulugʻvorligi va goʻzalligi mehmonlarda katta zavq uygʻotdi.
Shu yerda Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron birgalikda suratga tushdi.
Soʻng Prezidentlar “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasida boʻldilar.
Bu yerda xalqimizning buyuk oʻtmishi ramzlari toʻplangan, tarixiy shaharlarimizdagi diqqatga sazovor joylarining nusxalari barpo etilgan. Milliy anʼanalarimiz bilan birga doʻst xalqlar bilan aloqalar tarixi ham aks ettirilgan. Xususan, Afrosiyob yodgorligi devorlarida saqlanib qolgan Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan. Bunday maʼno-mazmun, tarix va bugungi kun uygʻunligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Davlat rahbarlari oʻrtasida samimiy muloqot boʻldi. Samarqand jahon sivilizatsiyasining qadimiy beshiklaridan biri boʻlgani, bugun ham xalqaro sammit va turizm markaziga aylanib borayotgani qayd etildi. Mehmonlarga xalqimizning betakror badiiy, hunarmandlik va musiqiy madaniyati namoyish etildi.
Tashrifning asosiy tadbirlari, shu jumladan, oliy darajadagi muzokaralar ertaga, 2 noyabr kuni boʻlib oʻtadi.