Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 25 fevral kuni oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim boʻlgan gʻalla parvarishini tizimli tashkil etish va hosilga-hosil qoʻshish boʻyicha amalga oshiriladigan dolzarb vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻtgan yili ob-havo oʻta issiq va quruq kelganiga, janubiy viloyatlarda suv tanqis boʻlganiga qaramay fermerlarimizning fidokorona mehnatlari tufayli har gektardan oʻrtacha 45 sentnerdan hosil olinib, jami 5 million 200 ming tonnadan ortiq gʻalla yetishtirildi.
Bu yil esa yogʻingarchilik miqdori oʻtgan yilga nisbatan ikki marta, avvalgi yillarga qiyosan 1,3 barobar yuqori boʻlmoqda. Misol uchun, Tollimarjon suv omborida 1 milliard kub metr, Chimqoʻrgʻon, Pachkamar va boshqa suv omborlarida oʻtgan yilga nisbatan 2-3 barobar koʻp suv yigʻildi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv taʼminotini yaxshilash uchun Sardoba suv ombori ishga tushirildi. Bu oʻtgan yilga nisbatan ancha koʻp hosil olish imkonini yaratadi.
Yana bir muhim jihat – fermerlarni ragʻbatlantirish uchun 2019 yilda bugʻdoyning har bir tonnasi uchun 1 million 200 ming soʻm yoki oʻtgan yilga nisbatan 1,6 barobar yuqori xarid narxi belgilandi. Yuqori hosil olgan fermerlarga davlat xarid narxiga 25 foizgacha, yaʼni har bir tonna don uchun 300 ming soʻmgacha ustama qoʻllash tizimi joriy qilindi. Bu esa moʻl hosil yetishtirishga katta turtki boʻladi.
Qolaversa, azotli, fosforli va kaliyli oʻgʻitlar oʻz vaqtida joylarga yetkazib berilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, hosildorlikni va don yetishtirish hajmini oʻtgan yilga nisbatan kamida 30 foizga oshirish uchun barcha imkoniyat mavjud.
Yigʻilishda gʻalla rivoji holati har bir hudud misolida tanqidiy tahlil qilinib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.
Masalan, Qashqadaryo viloyatining Mirishkor, Qarshi, Gʻuzor, Chiroqchi va Koson tumanlari, Samarqand viloyatining Bulungʻur, Jomboy, Pastdargʻom tumanlari, Jizzax viloyatining Doʻstlik, Sharof Rashidov, Zafarobod tumanlari, Sirdaryo viloyatining Xovos, Oqoltin va Guliston tumanlarida gʻalla rivoji ortda qolgan. Toshkent, Namangan va boshqa viloyatlarda ham zarur agrotexnik tadbirlar talab darajasida amalga oshirilmagan.
Videoselektorda bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, hosildorlikni oshirib, qoʻshimcha don ishlab chiqarish boʻyicha topshiriqlar berildi. Joriy yil gʻallachilik uchun qulay kelayotgani, bundan oqilona va samarali foydalanib, oziq-ovqat mahsulotlarining moʻl-koʻl va arzon boʻlishini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.
– Yurtimiz tabiati – Yaratganning inʼomi. Gʻalla, don esa asosiy isteʼmol tovarlaridan biri. Gʻalladan moʻl hosil yetishtirsak, don ishlab chiqarish koʻpayadi, oziq-ovqat mahsulotlari arzon boʻladi. Bu judayam muhim, xalqimiz farovonligi bilan bogʻliq masala, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz paxtachilikda oʻzini oqlayotgan tajribadan kelib chiqib, gʻallachilik boʻyicha ham klasterlar tashkil etish zarurligini taʼkidladi. Mutasaddi rahbarlar va viloyatlar hokimlariga bu borada tegishli topshiriqlar berdi.
Fermerlar ham, klasterlar ham iqtisodiy manfaat bilan ishlashi, shartnoma rejasidan orttirib hosil olib, daromadini koʻpaytirishi kerakligi qayd etildi.
Gʻallachilik qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlari uchun ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklarining ozuqaga doimiy ehtiyoji bor. Endi bunday xoʻjaliklar bilan fermerlar oʻrtasida gʻalla hosilining muayyan qismini sotib olish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzilishi yoʻlga qoʻyiladi. Gʻalla parvarishlanib, hosilga-hosil qoʻshiladigan paytda parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklari fermer xoʻjaliklariga mablagʻ yoʻnaltirib, keyinchalik arzon ozuqa oladi.
Pirovard natijada gʻalladan moʻl hosil yetishtirishga, undan ozuqa tayyorlash orqali goʻsht, tuxum kabi oziq-ovqat mahsulotlarining arzon boʻlishiga ham erishiladi. Bundan ikki tomon ham manfaat koʻradi.
Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda manfaatdor xoʻjaliklarni oʻzaro biriktirib, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklarining bugʻdoyga boʻlgan talabini toʻliq qoplash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Gʻalla parvarishi boʻyicha tashkil etilgan respublika ishchi guruhlari joylarga borib, viloyatlar va tumanlar 4 ta sektor rahbarlari bilan birga gʻalla hosildorligini kamida 30 foizga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, ijrosini tashkil qilishi zarurligi qayd etildi.
Bunda birinchi navbatda gʻallani 10 martgacha azotli oʻgʻitlar bilan oziqlantirishga alohida eʼtibor qaratish kerakligi taʼkidlandi. Suv xoʻjaligi vazirligiga suvni tejab ishlatish, sugʻorish boʻyicha yangi texnologiyalarni joriy etish vazifasi qoʻyildi. Joylardagi sektorlar rahbarlariga har bir fermer xoʻjaligi kesimida zarur agrotexnik tadbirlarni belgilab, izchil amalga oshirilishini taʼminlash topshirildi.
Yigʻilishda soha mutasaddilari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar rahbarlari koʻrsatib oʻtilgan vazifalar yuzasidan axborot berdi.