Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 dekabr kuni gaz qazib olishning joriy holati va uni yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati raisi joriy yilda bajarilgan ishlar hamda 2025 yilgi ustuvor vazifalar toʻgʻrisida axborot berdi.
Qayd etilganidek, sohada xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Ular ishtirokida kelasi yil gaz qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirish loyihalari shakllantirildi. Xususan, zamonaviy texnologiyalar jalb qilinib, yangi ekspluatatsiya quduqlari burgʻilanadi hamda eskilari taʼmirlanadi.
Tarmoqdagi asosiy muammo geologiya-qidiruv ishlariga uzoq yillar yetarlicha eʼtibor qaratilmaganidir. Oqibatda ayrim konlar foydalanish muddatini deyarli oʻtab boʻlgan, yana baʼzilarining samaradorligi past. Shuning uchun zamonaviy texnologiya olib kelinib, 15 ta yangi istiqbolli maydonda geologiya-qidiruv ishlari boshlanadi. Seysmik qidiruv hududi 6,5 ming kvadrat kilometrga kengaytiriladi.
Mutasaddilarga yirik xorijiy kompaniyalar va ekspertlarni jalb etgan holda, geologiyani rivojlantirish va yangi konlarni oʻzlashtirish boʻyicha 2025 yil uchun dastur ishlab chiqish topshirildi.
“Oʻzbekneftgaz”da transformatsiyani davom ettirib, tannarxni kamaytirish, xalqaro kredit reytingini yaxshilash vazifa qilib olingan. Jumladan, kelgusi yilda ishlab chiqarish va geologiya-qidiruv loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro manbalardan mablagʻ jalb qilinishi moʻljallangan.
Davlatimiz rahbari sohada investitsiyalar, yangi texnologiyalar bilan birga kadrlar masalasi muhim ekanini taʼkidladi. Oʻqitish sifatini oshirib, zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, chet elda ishlayotgan malakali vatandoshlarimizni taklif etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.