BMTning siyosiy kun tartibidagi muhim masalalardan biri – gender tengligini taʼminlashdir. “BMT-ayollar” tuzilmasining vakili Ulziysuren Jamsran bilan uchrashuvda ham aynan shu masala diqqatimiz markazida boʻldi.
Muzokaralar davomida tuzilmaning gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan ilgʻor tajriba markazini Oʻzbekistonda tashkil etish masalasini batafsil muhokama qildik.
Oʻzbekistonda ayollar va qizlar manfaatlarini taʼminlash borasidagi tizimli ishlarda aynan BMT tavsiyalari birlamchi ahamiyatga ega omil sifatida inobatga olingan. Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti kabi xalqaro platformaning tashkil etilishi ham “BMT-ayollar” tashkiloti bilan tizimli hamkorlikning bevosita amaliy natijasidir.
Ishonamanki, Toshkent shahrida “BMT-ayollar” tuzilmasi bilan hamkorlikda ilgʻor tajriba markazi tashkil etilishi Oʻzbekiston tajribasini global miqyosda ilgari surishga xizmat qiladi va mamlakatimizni jahon sahnasida xalqaro tashabbuslar drayveri sifatidagi maqomini yanada mustahkamlaydi.
*******
BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska bilan “Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash orqali tenglikka erishish” qoʻshma loyihasi Kengashi majlisida loyiha boʻyicha yil yakunlari va 2023 yilgi ish rejasini muhokama qildik.
Loyihaning maqsadi — gender tenglik va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga jamiyatda mustahkam oʻrnashib qolgan stereotiplarni oʻzgartirishdan iborat.
Hamkorlikda oʻtkazilgan umummilliy tadqiqot har bir hudud boʻyicha gender stereotiplar, jamiyatda mavjud boʻlgan kamsitish holatlarining turli shakllarini aniqlashga yoʻnaltirilgan.
Eʼtiborimiz markazida boʻlgan yana bir masala — xotin-qizlar uchun ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarni yaxshilash orqali ularga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish va gender tenglikka zid ijtimoiy normalarni oʻzgartirishga erishishdir.
Ayollarimiz har qanday ijtimoiy meʼyor va qoliplarning qurboni boʻlmasliklari zarur.
Tanzila NORBOYEVA teleramm kanalidan