Davlatimiz rahbari shu yil 22 noyabr kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida boʻlganida istiqbolli geologiya maydonlarini oʻzlashtirish boʻyicha vazifalar qoʻygan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bugun boʻlib oʻtgan yigʻilishda soha mutasaddilari ushbu vazifalar ijrosi, 2024 yilga moʻljallangan geologiya-qidiruv va ishlab chiqarish dasturi boʻyicha axborot berdi.
Qayd etilganidek, bu ishlar ikki yoʻnalishda – ham mavjud konlarda gaz qazib olish hajmini saqlab qolish, ham yangi zaxiralarni aniqlash boʻyicha olib borilmoqda. Oxirgi yillarda geologiya-qidiruv ishlari 2-3 kilometrdan 4-5 kilometr chuqurlikkacha tushirildi. Buning natijasida yangi gaz zaxiralari aniqlandi, qoʻshimcha 4,4 milliard kub metr gaz qazib olindi.
Shuningdek, xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilinib, koʻplab istiqbolli quduqlarni ishga tushirish imkoni topildi.
Buni davom ettirib, kelgusi yilda 3,5 ming kvadrat kilometr maydonda seysmik ishlar olib borish hamda yangi qidiruv quduqlari qurish rejalashtirilgan.
Yigʻilishda buning uchun xorijiy investitsiyalar jalb etish, tarmoq korxonalarini aylanma mablagʻ bilan taʼminlash masalasi koʻrib chiqildi.
Ilgʻor texnologiyalarni olib kelib, 6-7 kilometr chuqurlikda geologik burgʻulashga oʻtish masalalari muhokama qilindi.
Energiya manbalarini izchil yetkazib berish, shu bilan birga, hududlar va yirik korxonalar kesimida toʻlov intizomini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.