Geologiya-qidiruv ishlari boʻyicha dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi

0
198
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 may kuni geologiya sohasini yanada rivojlantirish, foydali maʼdanlar va yerosti suvi zaxiralarini kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Soʻnggi yillarda yurtimiz geologiyasi ham ilm, ham texnologiya jihatidan kuchaytirilgani natijasida qidiruv ishlarining qamrovi kengaydi, yerosti boyliklarining yangi zaxiralari aniqlandi. Ularga asoslanib, yirik korxonalar qurilmoqda, istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Xususan, uran boʻyicha 27 ta yangi kon ochilib, barqaror xomashyo bazasi yaratildi. Lekin sohadagi imkoniyatlar ancha koʻp. Shu bois davlatimiz rahbari nodir va noyob metallar qazib olish hajmini oshirish boʻyicha topshiriq bergan edi.

Taqdimotda mutasaddilar shu borada ishlab chiqilgan rejalar yuzasidan axborot berdi. Unga koʻra, umumiy qiymati 182 million dollarlik 14 loyiha shakllantirilgan. 

Prezidentimiz bu loyihalar bilan chegaralanmasdan, yuqoriroq marra olish kerakligini taʼkidladi.

Shu maqsadda, 2022-2026 yillarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Bu dasturda 8 ta yangi kon va 18 ta istiqbolli maydon hisobiga uran zaxirasini oshirish, zamonaviy burgʻilash uskunalarini olib kelish, raqamli geologiya modelini yaratish koʻzda tutiladi.

Shuningdek, “Navoiyuran” davlat korxonasini transformatsiya qilish, xorijiy mutaxassislarni jalb etib, texnologik jarayonlarni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Uran zaxirasini xalqaro standartlarga muvofiq baholash, soʻnggi texnologiyalar asosida rudadan uranni ajratib olish darajasini oshirish muhimligi qayd etildi.

Taqdimotda istiqbolli konlarni tayyorlash va ularga investorlarni jalb qilishga oid taklif ham koʻrib chiqildi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi huzurida “Yangi kon” loyiha ofisi tashkil etish, uning ustav kapitaliga 15 million dollar ajratish moʻljallangan. Bu loyiha ofisi litiy, alyuminiy, magniy, grafit va boshqa nodir metallarni ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshiradi.

Davlatimiz rahbari jahon bozorida uran narxi barqaror oʻsib borayotgani, yangi loyihalarda bu xomashyoni qayta ishlash va qoʻshilgan qiymat yaratishga alohida eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidladi.

Albatta, buning uchun malakali kadrlar ham zarur. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan Geologiya fanlari universiteti tashkil etilgan edi. Navoiy konchilik institutiga universitet maqomi berildi. Italiyaning Piza hamda Rossiyaning Sankt-Peterburg konchilik universitetlari bilan qoʻshma dasturlar tuzildi.

Lekin, zamonaviy bilimga ega, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni yaxshi oʻzlashtirgan oʻrta boʻgʻin mutaxassislarinini tayyorlash sust. Jumladan, birgina Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimida yiliga 300 dan ortiq oʻrta boʻgʻin mutaxassislarga ehtiyoj bor.

Shu bois Zarafshon, Angren va Gʻuzordagi texnikumlarda geologiyaga ixtisoslashgan yoʻnalishlarni koʻpaytirib, malakali ishchilar tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.

Oʻtgan yili mamlakatimizda mis sanoati klasteri tashkil etilgan edi. Dasturga koʻra, mis ishlab chiqarishni yagona “zanjir” asosida 2 baravarga koʻpaytirib, 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish reja qilingan.

Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida ham hisobot berildi.

Maʼlumki, mintaqamizdagi eng dolzarb muammolardan biri bu – suv tanqisligi. Bunday sharoitda yerosti suvidan aql bilan foydalanish zarur. Afsuski, soʻnggi yillarda yerosti suvining sathi yurtimizdagi 13 ta tumanda 5 metrgacha, 9 ta tumanda 20 metrgacha pasaygan.

Shu bois Prezidentimiz mutasaddi tashkilotlarga yerosti suvi zaxiralarini koʻpaytirish va ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.