Geologiya sohasidagi vazifalar ijrosi koʻrib chiqildi

0
161
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni geologiya sohasidagi natijalar va yil yakunigacha boʻlgan rejalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.Islomov oxirgi yillarda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot berdi. Jumladan, zamonaviy texnologiyalar joriy qilingani natijasida geologik oʻrganish va burgʻilash ishlari hajmi 1,5 barobargacha oshgani aytildi.

Yerosti qazilmalariga soliq stavkalari pasaytirilib, sohada xususiy investorlarga yoʻl ochildi. Konlarni auksion orqali sotish hisobiga, 1 milliard 400 million dollar investitsiya kiritish boshlandi.

Geologiya fanlari universiteti tashkil etilib, faoliyati eng zamonaviy texnologiyalar va ilgʻor metodikalar asosida yoʻlga qoʻyildi.

Shu yil 19 may kuni boʻlgan taqdimotda Prezident “Navoiyuran” davlat korxonasini transformatsiya qilish, uran zaxirasini oshirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Bugun shu borada boshlangan ishlar, oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar haqida axborot berildi.

Unga koʻra, texnologik jarayon va moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga oʻtkazish, uran ishlab chiqarish hajmi hamda zaxirasini 2030 yilgacha 2 barobar oshirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni samarali tashkil etish uchun “Navoiyuran”da loyiha ofisi ochish, chet ellik mutaxassislarni jalb qilib, kadrlar malakasini oshirish kerakligini taʼkidladi.

Rangli va noyob metalli konlarni oʻzlashtirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Bu borada geologik qidiruv maydonlari kengaytirilgan. Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi huzurida “Yangi kon” kompaniyasini tashkil etish koʻzda tutilgan. Bu kompaniya litiy, alyuminiy, magniy, grafit va boshqa nodir metallarni ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalari ijrosini tashkillashtiradi.

Yer ostidagi qadrli neʼmatlardan yana biri – bu suv. Soʻnggi yillarda 21 ta tumanda yerosti suvining satxi 20 metrgacha pasayib ketgan. Joylarda ayrimlar buni tushunib yetmay, undan xoʻjasizlarcha foydalanmoqda. 2021 yilning oʻzida 1 ming 200 ta noqonuniy quduq burgʻilash holati aniqlangan.

Shu bois Prezidentimiz yerosti suvlaridan oqilona foydalanishni tashkil etish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Ayni maqsadda yerosti suvlarini samarasiz ishlatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Shuningdek, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yerosti suvi zaxirasini oshirish choralari koʻrilayotgani aytildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish, Qashqadaryoda bu boʻyicha klaster tashkil etishga qaratilgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.

– Umuman, geologiya iqtisodiyotning oʻsishiga asosiy turtki beradigan soha. Bu boradagi salohiyatini toʻliq ishga solish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.