Geologiya va kon-metallurgiya sohalaridagi rejalar koʻrib chiqildi

0
82
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni geologiya va kon-metallurgiya sohalaridagi vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Mamlakatimizda geologiya sohasiga har yili 1 trillion soʻmdan mablagʻ ajratilib, manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda. Natijada oʻtgan yili togʻ-kon sanoatida ishlab chiqarish hajmi qariyb 11 milliard dollarga yetdi.

Lekin bu, asosan, qimmatbaho va rangli metallar yoʻnalishida boʻlib, sanoat uchun muhim minerallar boʻyicha foydalanilmagan juda katta zaxira mavjud. Xususan, yurtimizda 32 turdagi shunday qazilma boyliklari bor.

Shu bois 15 yanvar kuni oʻtgan taqdimotda davlatimiz rahbari bu yoʻnalishdagi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Bugungi yigʻilishda shu borada boshlangan ishlar, reja va takliflar koʻrib chiqildi.

Bugun jahonda texnologik vaziyat tez oʻzgarayapti. Elektromobil, “yashil” energetika, elektrotexnika sanoatida kamyob metallarga talab tobora ortib bormoqda. Shuning uchun soʻnggi yillarda jahon bozorida molibden, tellur, selen, grafit narxlari keskin oshgan.

Prezidentimiz bu sohadagi ulkan imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi. Sanoat uchun muhim minerallar xomashyosi hamda ularning turini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Hozirda yurtimizda 6 turdagi shunday mahsulot ishlab chiqariladi. Bunga qoʻshimcha platina, indiy, vanadiy metallari hamda volfram, molibden, rux, marganets kabi minerallardan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar olish imkoniyati bor. Masalan, avvallari oʻzimizda boʻlmagan kukun metallurgiyasida yiliga 300 million dollarlik, uskunalar va butlovchi qismlar yoʻnalishida 100 million dollarlik qiymat yaratish mumkin.

Yaqinda Yevropa Ittifoqi bilan muhim minerallar boʻyicha erishilgan kelishuv bu borada katta bozor ochadi.

Shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga xorijiy ekspert va investorlar ishtirokida kamyob metallar boʻyicha 500 million dollarlik istiqbolli loyihalar dasturini shakllantirish topshirildi. Bu yoʻnalishni ilm bilan rivojlantirish, shu maqsadda loyiha ofisi tashkil etib, yetakchi institut va ilmiy markazlarni jalb qilish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida qimmatbaho metallar zaxirasini koʻpaytirish rejalari ham koʻrib chiqildi.

Mutasaddilar oltin zaxirasini va ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlari haqida axborot berdi.

Prezidentimiz kombinatda ishlab chiqarish tannarxini 10-15 foizga pasaytirish, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish qamrovini kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Qimmatbaho metallar sohasida Ilgʻor texnologiyalar ilmiy markazini tashkil qilish vazifasi qoʻyildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.