Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer rafiqasi hamrohligida Xiva shahrining tarixiy markazi – “Ichan qalʼa”ga tashrif buyurdi.
Qadimiy majmua koʻp asrlik tarixga ega. Bu yerdagi dunyo meʼmorligining noyob anʼanalarini oʻzida aks ettirgan koʻplab obidalar shaharning asriy rivojlanish tarixidan hikoya qiladi.
Mehmonlar Koʻhna ark, Pahlavon Mahmud majmualari, Qozi Kalon madrasasi, Kalta minor yodgorligi va boshqa diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.
Meʼmoriy yechimiga koʻra oʻziga xos Muhammad Aminxon madrasasi va uning peshtoqida qad rostlagan, qurib bitkazilmay qolgan boʻlsa-da, shoirlar baytlarida “Falak ayvoniga qoʻyilgan ustun” deya taʼriflangan minora tarixi, binoning ulugʻvorligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Muhammad Aminxon minorasi oʻziga xos usulda, quyosh nurlari tushushi va botishi hisobga olingan holda qurilgani bois koshinlardagi ranglar oʻzgarmaydi. Koʻk, yashil, niliy ranglar uygʻunligidan samarali foydalanilgan minora inson koʻz oʻngida yorqin va serjilo ranglarda namoyon boʻladi.
Xiva asrlar osha nafaqat savdo-sotiq, balki madaniyatlar va dinlararo bagʻrikenglik markazi ham boʻlib kelgan. Buni XIX asr Xorazm tarixidan munosib oʻrin olgan nemis mennonitlari turmush tarzi, ularning mahalliy aholi bilan tinch-totuv kechirgan hayoti ham tasdiqlaydi.
Taqdir taqozosi bilan Turkiston oʻlkasiga kelib qolgan nemis mennonitlari Xorazmda qoʻnim topadi. Ular yashagan Oqmachitdagi Yevropa tipidagi nemis shaharchasi hunarmandlik va savdo-sotiq markazi sifatida ravnaq topdi.
Ushbu tarixiy aloqalar va xotiralar bugun “Ichan qalʼa” hududida tashkil etilgan muzey misolida xorazmliklar xotirasida saqlanmoqda.
Germaniya delegatsiyasi “Ichan-Qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasida tashkil etilgan “Oqmasjidlik mennonitlar” muzeyida ham boʻlib, majmuaning yaratilish tarixi bilan tanishdi.
Mehmonlarga XIX asrning 90-yillarida Xiva xonligi hududida yashab oʻtgan nemis mennonitlari turmush tarzi va xonlik hayotidagi ishtiroki haqida soʻzlab berildi.
Xiva tarixiy obidalaridagi aksariyat naqshlar bir-birini takrorlamaydi. Yagona kompozitsiya hosil qilgan tasvirlar necha ming yillik tarixga ega koʻhna kentda qaror topgan xalqlararo birodarlik, yagona oila va umumiy kelajak qurishdek ezgu intilishlarni aks ettiradi.
Mohir usta va duradgor nemis mennonitlari ham shahardagi ana shunday bunyodkorlik ishlariga katta hissa qoʻshgan. Xivaga koʻchib kelgan nemis xoʻjaliklarining shahardagi Qoʻsha darvoza, yevropa uslubi bilan mahalliy arxitekturaning uygʻunlashib ketishi natijasida bunyod etilgan pochta-telegraf, kasalxona, Qibla Tozabogʻ va Isfandiyorxonning rasmiy qabulxonasi qurilishida faol ishtirok etgani tarixiy hujjatlarda bitilgan.
Muzeydan joy olgan eksponatlar Xiva xonligida qisqa davr yashab, xivaliklar qalbida yaxshi taassurot qoldirgan nemis mennonitlari tarixi, ularning mohir hunarmandligi va chin insoniy xislatlari, boshqa din vakillarining qardoshligi mavzulari haqida hikoya qiladi.
– Oʻzbekiston betakror diyor. Qadim Xiva misolida bu zaminning asriy urf-odatlari, mehmondoʻst xalqi haqida yanada koʻproq maʼlumotga ega boʻldik. Nemis mennonitlarining bu yerda hayot kechirishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida soʻzlab berishdi. Oʻsha kezlarda turli millat, din va hayot tarziga ega insonlarning totuvlikda hayot kechirgani bugungi kunda ham xalqlarimiz tabiatida ustun boʻlgan birodarlik fazilatining yorqin misolidir, – dedi Frank-Valter Shtaynmayer.
Ulugʻbek ShONAZAROV, Temur MAMADAMINOV (surat), OʻzA