Davlatimiz rahbari Boʻstonliq tumaniga tashrifi chogʻida “Ugam-1” kichik gidro elektr stansiyasini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda energiya quvvatlarini oshirishda barcha manbalardan foydalanilmoqda. Xususan, hududlarda kunlik energiya taʼminotida gidro energetika qulay va samarali. Ular umumiy tarmoqqa ulanmasdan har bir hudud va mahalla kesimida elektr bilan taʼminlay oladi. Olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon. Shu bois keyingi yillarda bu sohani rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Soʻnggi yillarda yurtimizda 630 million dollar investitsiya hisobidan 400 megavattdan ortiq yangi gidroelektr stansiyalari barpo etilib, ularning quvvati 2,2 gigavattga yetkazildi.
Toshkent viloyatida umumiy quvvati 1 ming 330 megavatt boʻlgan 25 ta gidroelektr stansiyasi mavjud. Bu respublikamizdagi jami gidroenergetika quvvatining 60 foiziga tengdir. Bugungi kunda qiymati 880 million dollar va quvvati 340 megavatt boʻlgan yana 4 ta GES qurilmoqda. Shuningdek, 2028 yilgacha viloyatda umumiy quvvati qariyb 2 ming 400 megavatt boʻlgan, 4 milliard 800 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshiriladi.
Quvvati 1,48 megavatt boʻlgan ushbu “Ugam-1” kichik GES qurish orqali yiliga 11,8 million kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Zamonaviy samarador gidroagregatlar va avtomatik boshqaruv tizimi oʻrnatildi. Eʼtiborlisi, bunda toʻliq yurtimiz mahsulotlari ishlatilgan. Boshqacha aytganda, uni milliy brend deyish mumkin.
Loyihani amalga oshirish natijasida hududdagi Chorbogʻ, Xumson va Ugam mahallalardagi 5 mingta xonadon hamda turizm va dam olish maskanlari uzluksiz elektr energiya bilan taʼminlanadi. Yiliga qariyb 4 million metr kub gaz tejaladi.
Hozircha Ugam daryosida ikkita kichik GES qurildi. Ularning har biridan yiliga ikki yuz milliard soʻm daromad olinayapti. Suv oqimidan takror-takror faydalanish orqali bunday stansiyalarni oʻntagacha yetkazish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Bu bilan nafaqat energetika masalasi hal boʻladi, balki hudud infratuzilmasi ham yaxshilanadi. Tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi korxonalari paydo boʻladi.
Davlatimiz rahbariga hududlarda rejalashtirilgan loyihalar haqida maʼlumot berildi.
Sohaga xorijiy investitsiya va xususiy sektorni jalb qilib, 2030 yilga qadar jami quvvatlarni 6 ming megavattga yetkazish belgilangan. Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, mamlakatimiz boʻyicha ikki mingtagacha mikro va kichik GESlar qurish imkoniyati bor.