Gidroenergetika sohasidagi loyihalar koʻrib chiqildi

0
129
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 noyabr kuni gidroenergetika sohasidagi loyihalarga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Mamlakatimizda energetika sohasi keng koʻlamda rivojlantirilmoqda. Neft, gaz kabi uglevodorodlar bilan cheklanib qolmasdan, quyosh, shamol va suvdan elektr energiyasi olish inshootlari barpo etilmoqda. 

Xususan, 2017 yilda Prezident farmoni bilan «Oʻzbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan edi. Oʻtgan davrda 11 ta yangi gidro elektr stansiyasi qurilib, 8 tasi modernizatsiya qilindi. Natijada 244 megavattlik qoʻshimcha quvvat yaratildi.

Lekin, yurtimizning gidroenergetika salohiyati 50 foiz ishga solingan, xolos. Shu bois jami 740 megavatt quvvatli 21 ta yirik loyiha ishlab chiqilgan. Xususan, kelgusi yilda 170 megavattli  7 ta, 2023-2024 yillarda 150 megavattli 12 ta hamda 2025-2026 yillarda 420 megavattli 2 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Taqdimotda ushbu inshootlarni sifatli qurish va barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari toʻgʻon talab etmaydigan kichik gidrostansiyalar qurish masalasiga alohida eʼtibor qaratib, bunga xususiy sektorni jalb qilish kerakligini taʼkidladi.

Bugungi kunda 22 ta shunday istiqbolli maydon roʻyxati shakllantirilgan. Ularda quvvati 5 megavattgacha boʻlgan mini gidro elektr stansiyalar qurish boʻyicha tender eʼlon qilinishi belgilandi.

Shuningdek, Norin, Soʻx, Tanxoz, Oq buloq, Ugam kabi daryolar va kanallarda 500 kilovattgacha quvvatga ega ixcham gidrostansiyalar oʻrnatish imkoniyati bor. Tadbirda qayd etilganidek, bunday joylar roʻyxati aholi va tadbirkorlarga eʼlon qilinadi. Bunda quyosh, shamol elektr stansiyalari oʻrnatgani uchun aholi va tadbirkorlarga qanday imtiyozlar berilgan boʻlsa, kichik gidrostansiyalar uchun ham shunday imtiyoz va subsidiyalar qoʻllanilishi belgilandi.

Gidroinshootlarni ishlatish uchun malakali mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Texnika, irrigatsiya va arxitektura yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarida bunga alohida ahamiyat qaratish, ularda qurilish hamda gidravlik laboratoriyalar tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.